2 mlrd soʻm QQSni qaytarish sxemasi fosh etildi
Toshkent viloyatidagi MChJning muqaddam sudlangan xodimi Navoiydagi xususiy korxona ish boshqaruvchisining ishonchiga kirgan. U soliqdagi tanishlari orqali katta miqdordagi QQSni qaytarib olishga vaʼda bergan.

Qalbaki hujjatlar orqali 2 mlrd soʻm QQSni qaytarish sxemasi fosh etildi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy, Toshkent va Andijon viloyatlari boʻyicha boshqarmalari hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish yoʻnalishida Chirchiq shahrida tezkor tadbir oʻtkazildi.
Unga koʻra, Toshkent viloyatida faoliyat yurituvchi MChJning muqaddam sudlangan xodimi Navoiy viloyatidagi xususiy korxona ish boshqaruvchisining ishonchiga kirgan. U 2025-2026 yillarda 20 mlrd soʻm atrofida tovar aylanmasi boʻlganligi toʻgʻrisida qalbaki hujjatlar rasmiylashtirish orqali, mazkur korxona hisobiga byudjetdan 2 mlrd soʻm qoʻshilgan qiymat soligʻini soliq idoralarida ishlovchi tanishlari koʻmagida qaytarib olinishida yordam berishini aytadi.
Oʻz navbatida, ushbu “xizmat” haqi evaziga 340 mln soʻm talab qiladi.
QQSni korxona hisob raqamiga tushirib berish bilan bogʻliq barcha soxta amaliyotlarni uning sherigi – Andijon shahrida yashovchi, 1971 y.t. yakka tartibdagi tadbirkor amalga oshiradi. Yaʼni, tadbirkor oʻziga tanish boʻlgan MChJ va Navoiy viloyatidagi xususiy korxona oʻrtasida elektron shartnoma rasmiylashtiradi. Ushbu shartnomaga asosan, goʻyoki qiymati 18 mlrd 670 mln soʻmlik qurilish-montaj ishlari amalga oshirilganligi, transport xizmati koʻrsatilganligi va qurilish materiallari yetkazib berilganligi toʻgʻrisida 10 ta soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirib, 2 mlrd soʻm QQS qaytarilishiga erishadi.
Shundan soʻng talab qilingan pul mablagʻini ular oʻzlarining jinoiy sheriklari – Qibray tumanida yashovchi, 1973 y.t., muqaddam bir necha marotaba sudlangan shaxs va Andijon shahrida istiqomat qiluvchi, 1996 y.t., muqaddam bir necha marotaba sudlangan fuqaro orqali olgan vaqtlarida ularning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.
Aniqlanishicha, ushbu shaxslar talab qilingan 340 mln soʻmni oʻzaro taqsimlab olishlari kerak boʻlgan.
Mazkur toʻrt nafar fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Tergov harakatlari doirasida ularning mazkur noqonuniy ishga aloqador boʻlgan soliq idoralaridagi tanishlarini aniqlash boʻyicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
