Sport qamrovi yuqori mahalla raislariga mukofot pullari beriladi
Sport vaziri Adham Ikramov, Mahallalar uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev, Ijtimoiy himoya agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Shahnoza Mirziyoyevaga aholi orasidan "sogʻlom hayot volontyorlari" korpusini shakllantirish topshirildi.

Prezident sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
Endilikda mahallada ommaviy sport natijadorligi faqat qamrov bilan emas, balki aholining salomatlik koʻrsatkichlariga ham qarab baholanadi.
Har bir viloyatdagi bittadan tumanda “salomatlik balansi” shakllantiriladi. Sport vaziri Adham Ikramov, Mahallalar uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Shahnoza Mirziyoyevaga sport bilan faol shugʻullanuvchi aholi orasidan “sogʻlom hayot volontyorlari” korpusi shakllantirish topshirildi.
Ular mahallalarda sport va sogʻlom turmush tamoyillarini targʻib qiladi. Har bir tumandagi ushbu tizimda eng namunali boʻlgan 10 tadan mahallaga bepul sport formasi va anjomlarini berish yoʻlga qoʻyiladi.
Dunyoda maxsus jihoz va infratuzilma talab qilmaydigan intensiv sport mashgʻulotlari, yaʼni kross-fit ommalashayotgani taʼkidlandi. 1 maygacha barcha maktab va texnikumlarda kross-fit boʻyicha toʻgaraklar tashkil qilishi topshirildi. Kelgusi yildan kross-fit “Besh tashabbus” tizimiga kiritiladi.
Endilikda qaysi mahallada sportga qamrov oshib, aholining salomatligi yaxshilansa, yurak-qon tomir, diabet bilan kasallanish koʻrsatkichi kamaysa, volontyor va mahalla raisiga yil yakuni bilan 15 million soʻmgacha mukofot beriladi. Ushbu mahallada ommaviy sportga masʼul trenerga 200 foizgacha oylik ustama toʻlanadi.
Har bir vazir, tarmoq va bank rahbari, viloyat, tuman hokimi xodimlari sport bilan shugʻullanishi uchun oʻzi namuna boʻlib, sharoitlarni kengaytirishi shartligi koʻrsatib oʻtildi.
Mazkur jarayonda haftada bir kun sport kuni sifatida belgilanishi, bu kunda vazirlik, idora va tashkilotlarda sport mashgʻulotlari oʻtkazilishi belgilandi. Agar sport zali boʻlmasa, sport bazalari yoki federatsiyalar bilan shartnoma tuzish, kamida 4 ta sport turi boʻyicha yiliga 2 marta musobaqa tashkil qilib, gʻoliblarni taqdirlash topshirildi.
Joriy yildan boshlab har yili vazirliklar, tarmoqlar, banklar va hokimliklar oʻrtasida respublika birinchiliklari oʻtkazilishi belgilandi.
Xususiy sektordagi mehnat jamoalarida ham ommaviy sportni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha imkoniyatlar yaratiladi.
Tadbirkorlar oʻz ishchi-xodimlari uchun sport zali, maydonchasi qurish va jihozlash uchun qilgan xarajatlari foyda soligʻi bazasidan chegiriladi, jalb qilingan trenerlar uchun daromad soligʻi va ijtimoiy soliq 1 foiz boʻladi.
