Shavkat Mirziyoyev Vyacheslav Golishev vafoti sabab hamdardlik bildirdi
Golishev avval bosh vazir oʻrinbosari, iqtisodiyot vaziri, Prezidentning davlat maslahatchisi lavozimida ishlagan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat va jamoat arbobi Golishev Vyacheslav Arkadevich vafoti sabab hamdardlik bildirdi.
Vyacheslav Golishev shu yilning 7 aprel kuni 75 yoshida vafot etdi.
Vyacheslav Golishev 1951 yil 4 mayda Rossiya Federatsiyasining Omsk shahrida tugʻildi. 1972 yilda Toshkent xalq xoʻjaligi institutini (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti) tugatib, iqtisodchi mutaxassisligini oldi. 1980 yilda M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti aspiranturasini tamomladi va nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
Mehnat faoliyatini matbaa sohasida iqtisodchi sifatida boshlab, keyinchalik Toshkent xalq xoʻjaligi instituti, Oʻzbekiston Davlat reja qoʻmitasi huzuridagi Iqtisodiyot va normativlar ilmiy-tadqiqot instituti hamda respublika partiya va davlat organlarida turli lavozimlarda ishladi.
1992-1995 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jahon muammolari instituti direktori oʻrinbosari, Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari lavozimlarida faoliyat koʻrsatdi. V.A.Golishev 2005-2006 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, iqtisodiyot vaziri, iqtisodiyot va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari kompleksi rahbari lavozimlarida mehnat qilib, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini taʼminlashning muhim yoʻnalishlariga rahbarlik qildi.
Davlat boshqaruvi sohasidagi faol va tashabbuskor xodim sifatida koʻp yillar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi lavozimida ishladi. Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatiga oid davlat dasturlari va konseptual hujjatlarni ishlab chiqishda bevosita qatnashdi.
Bir necha marta Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatligiga saylandi, parlamentarizm, mamlakatimizdagi oʻzgarishlarning qonunchilik bazasini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshdi.
Yangi avlod iqtisodchi kadrlarini tayyorlash borasida ham faol ish olib bordi.
Vyacheslav Golishev “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan iqtisodchi” faxriy unvoni, “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlangan.
