platina.uz
Sport

Prezident sport maktablaridagi holatni tanqid qildi

Toshkent shahrining 15 ta maktabida toʻgaraklar "nomiga" tashkil qilingan. Jizzax, Qashqadaryo, Fargʻonadagi maktab oʻquvchilarining toʻrtdan biri jismoniy tayyorgarlik boʻyicha minimal talabni bajara olmagan. 

Prezident sport maktablaridagi holatni tanqid qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi kelgusidagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boshlandi.

Maktablarda sport turi boʻyicha toʻgaraklar tashkil etish va murabbiylarni mahallalarga jalb qilish ishlarining ahvoli tahlil qilindi.

Masalan, Toshkent shahrining 15 ta maktabida toʻgaraklar "nomiga" tashkil qilingani uchun 3-4 nafar bola qatnayotgani koʻrsatib oʻtildi. Yoki oʻtgan yili Jizzax, Qashqadaryo, Fargʻonadagi maktab oʻquvchilarining toʻrtdan biri jismoniy tayyorgarlik boʻyicha minimal talabni bajara olmagan.

Hokimlar oldiga har bir maktabda sport toʻgaraklari uchun sharoit yaratish, toʻgaraklarga qamrovni oshirish vazifasi qoʻyildi.

Sport maktablari mahallama-mahalla yurib, iqtidorli yoshlarni topish oʻrniga haligacha oʻzi kelgan tayyor sportchi bilan ishlayotgani qayd etildi. Masalan, sport bazalari boʻyicha poytaxtdan keyin turadigan Samarqandda 100 ming yoshni professional shugʻullantirsa boʻladi. Amalda bu 3 karra kam. Navoiy, Surxondaryo viloyatlari ham bor quvvatini yarmidan foydalanmoqda, xolos.

Yigʻilishda ixtisoslashgan sport maktablarining oddiy sport maktabidan farqi qolmaganiga eʼtiroz bildirildi.

Masalan, Termiz shahridagi 4 ta ixtisoslashgan maktabning natijasi Jarqoʻrgʻondagi bitta sport maktabichalik boʻla olmayapti. Jarqoʻrgʻon sport maktabi oʻtgan yili Osiyo va jahon chempionatlarida 6 ta sovrin olgan boʻlsa, viloyatdagi 4 ta ixtisoslashgan maktabda esa jami 1 ta medal mavjud.

Har bir ixtisoslashgan sport maktabi direktori, jamoasi va murabbiylarning ish uslubini oʻzgartirib, oʻsish nuqtalarini aniq belgilab, oylik maoshini oʻquvchisining natijasiga bogʻlash zarurligi taʼkidlandi.

Mutasaddilarga yutuqlarga erishgan sport maktablarini amaldagi ragʻbatlantirish miqdoriga qoʻshimcha yana 500 million soʻmdan alohida mukofotlashni yoʻlga qoʻyish topshirildi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid