platina.uz
Jamiyat

"Makler"lar ishi qonun bilan tartibga solinadi

Rieltorlar professional jamoat birlashmalari sohaga kirib keladi. Ular sertifikatlar beradi, rieltorlarning malakasini baholaydi va ularning kasbiy xulq-atvori ustidan nazorat olib boradi. 

"Makler"lar ishi qonun bilan tartibga solinadi

Oʻzbekistonda "makler"lar ishi qonun bilan tartibga solinadi.

Senatning yalpi majlisida “Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Mamlakatimizdagi koʻchmas mulk bozori soʻnggi yillarda jadal surʼatlar bilan rivojlanmoqda, yangi turar joy massivlari barpo etilmoqda, ipoteka bozori kengaymoqda, investitsiyaviy faollik ortib bormoqda.

Shu bilan birga, bozorda norasmiy vositachilarning koʻpayishi, “yashirin iqtisodiyot”ning saqlanib qolishi va ayrim hollarda fuqarolarning huquqlari buzilishi kabi salbiy holatlar ham uchramoqda.

Yalpi majlisda senatorlar rieltorlik faoliyatini tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning zamonaviy tendensiyalar va qonunchilikdagi oʻzgarishlarga muvofiqligini qayta koʻrib chiqish zarurati yuzaga kelayotganini taʼkidladilar.

Mazkur Qonunda riyeltorlik faoliyatining asosiy prinsiplari belgilanmoqda, bu qonuniylik, xolislik, halollik, axborot maxfiyligi va manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslikni oʻz ichiga oladi. Ushbu qoidalar orqali har bir riyeltor yoki koʻchmas mulk agenti oʻz mijoziga halol xizmat koʻrsatish, uning ishonchini oqlash majburiyatini oladi.

Rieltorlar professional jamoat birlashmalarining sohaga kirib kelishi – ushbu Qonun bilan kiritilayotgan normalarning muhim jihatlaridan biridir, yaʼni Qonunda jamoat birlashmalari oʻzini oʻzi boshqarishning asosiy mexanizmlaridan biri sifatida belgilanmoqda. Ular sertifikatlar beradi, riyeltorlarning malakasini baholaydi va ularning kasbiy xulq-atvori ustidan nazorat olib boradi.

Senatorlar oʻz chiqishlarida qayd etganidek, Qonunning asosiy maqsadlari – biznesning “soyadan” chiqishini ragʻbatlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, legal biznes yuritishning nufuzini oshirish, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga keng jamoatchilikni jalb qilishdir.

Shuningdek, yalpi majlis davomida senatorlar mazkur Qonun koʻchmas mulk bozori ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga, shuningdek, isteʼmolchilar huquqlarini samarali himoyalashga xizmat qilishini taʼkidladi.

Muhokama yakunida Qonun maʼqullandi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid