Imom Buxoriy majmuasiga media-tur tashkil etildi
Majmuaning umumiy maydoni 45 gektar boʻlib, Payariq tumanida joylashgan. Qayta bunyod etilgan ulkan minora va masjid gumbazlari haybat bagʻishlaydi.

Jurnalistlar uyushmasi tashabbusi va Turizm qoʻmitasi hamkorligida Samarqand viloyatida yangidan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasiga media-tur tashkil etildi.
Media-tur ishtirokchilari dastlab ilmiy dargoh faoliyati bilan tanishdi. Markaz 2017 yilda Prezident qarori bilan tashkil etilgan boʻlib, dunyoning 50 ta yetakchi Islom tadqiqot markazlari va nufuzli universitetlari bilan hamkorlik qiladi. Qoʻlyozmalar fondini boyitish maqsadida Misrdan 130 ming, Saudiya Arabistonidan 34 ta elektron nusxa olib kiritilgan.
Mutaxassislar laboratoriyada 550 ta nodir qoʻlyozmani tozalab, konservatsiya qilgan. 524 ta qoʻl yozma (177 176 varaqqa teng) skanerlanib, elektron nusxalari tayyorlangan. Imom Buxoriy va boshqa allomalarning 52 ta asari oʻzbek tiliga tarjima qilinib, jami 128 ta kitob va risola nashr etilgan.
Jurnalistlar majmuaning meʼmoriy qismlari bilan ham tanishdi. Unda 10 ming kishiga sigʻadigan ulkan masjid, maʼmuriyat binosi, 154 ustunli milliy ayvon, 14 ta moviy gumbaz va 75 metrlik 4 ta minora bor. Hududda 1 ta toʻrt yulduzli va 2 ta uch yulduzli mehmonxona, 22 ta oilaviy mehmon uylari hamda avtoturargohlar mavjud. Majmua bir kunda 65 ming ziyoratchini qabul qila oladi.
Shundan soʻng jurnalistlar Hadis ilmi markazi, masjid, maʼmuriyat binosi, muzey va kirish-chiqish ayvonlarini tomosha qilib, Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy hayoti, ilmiy-merosi, nodir eksponatlar va boshqa koʻrgazmalar bilan tanishdi.
Majmuaning umumiy maydoni 45 gektar boʻlib, Payariq tumanida joylashgan. Qayta bunyod etilgan ulkan minora va masjid gumbazlari haybat bagʻishlaydi, ammo asosiy qism “Sahih ul-Buxoriy” muallifi, Islom olamining etuk muhaddisi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriyning maqbarasidir.
OAV vakillari 9 pavilondan iborat innovatsion muzey bilan tanishib, al-Buxoriy hayoti, ilmiy-merosi, nodir eksponatlar va boshqa koʻrgazmalar haqida maʼlumot oldi.
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat ziyorat markazi, balki yoshlar uchun ilm, maʼrifat, tarbiya va ibrat maskani hisoblanadi. Bu majmua yangi Oʻzbekistonning ulkan imkoniyatlarini namoyon etadi va Islom olamidagi buyuk merosni keng targʻib etishda muhim ahamiyatga ega.
