platina.uz
Jamiyat

Ekologik huquqbuzarlik sodir etgan yuridik shaxslarga moliyaviy sanksiyalar qoʻllaniladi

Senat ekologik huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish boʻyicha qonunni maʼqulladi. 

Ekologik huquqbuzarlik sodir etgan yuridik shaxslarga moliyaviy sanksiyalar qoʻllaniladi

Ekologik huquqbuzarlik sodir etgan yuridik shaxslarga moliyaviy sanksiyalar qoʻllaniladi.

Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun koʻrib chiqildi.

Senatorlar tomonidan ekologik xavfsizlikni taʼminlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda oʻsimlik va hayvonot dunyosini asrash, atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida ayrim muammolar mavjudligi taʼkidlandi.

Xususan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar uchun jarimalar miqdori kamligi sababli ular oʻzining sezilarli tarbiyaviy va profilaktik ahamiyatini bermayapti.

Maʼmuriy jarimalarning mansabdor shaxslarga nisbatan qoʻllanilishi esa korxonalar uchun sezilarli moliyaviy taʼsir koʻrsatmasdan, mulkdorda “jazosizlik tuygʻusi” shakllanishiga olib kelmoqda.

Amaliyotda bunday muammolar ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun javobgarlikni yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.

Qonun bilan atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish hamda javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Jumladan, “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonun yangi bob bilan toʻldirilib, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar belgilanmoqda.

Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 88-moddasi (atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya qilmaslik) toʻldirilib, yoqish uchun moʻljallanmagan joylarda va (yoki) qurilmalarda yoqilgʻini, yoqilgʻi sifatida foydalaniladigan moddalarni yoki moddalar aralashmasini, yoqilgʻi hisoblanmaydigan materiallarni va chiqindilarni ochiq alanga oldirib yoqish, shuningdek issiqxonalarda, ishlab chiqarish binolarida, yondirish uskunalarida yoki boshqa obʼektlarda yoqilgʻi sifatida shinalarni, bitumni, mazutni, plyonkani, sintetik kartonni, rezinani, jun tolasini yoqish va shunga oʻxshash komponentlarni oʻz ichiga olgan chiqindilarni yoqish uchun maʼmuriy javobgarlik nazarda tutilmoqda.

Senatorlarning fikricha, qonunning qabul qilinishi atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olishga, tabiiy resurslarning kafolatlangan himoyalanishiga, huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda davlat ekologik nazoratini samarali tashkil etishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid