Shuhrat Xudaykulov Uzbekistan Airways AJ raisi etib qayta saylandi
U mazkur lavozimga 2023 yil 11 mart kuni tayinlangan edi.

Shuhrat Xudaykulov yana 3 yil muddatga Uzbekistan Airways AJ boshqaruvi raisi etib qayta saylandi. Aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yigʻilishida ushbu masala koʻrib chiqilgan.
Shuhrat Xudaykulov mazkur lavozimga 2023 yil 11 mart kuni tayinlangan edi.
Aksiyadorlar yigʻilishida jamiyatni auditdan oʻtkazish masalasi ham koʻtarilgan. KPMG auditorlik tashkiloti 2024 yil (shartnoma summasi 4,5 milliard soʻm (QQSsiz) va 2025 yil (shartnoma qiymati 5,3 milliard soʻm (QQSsiz) yakunlari boʻyicha majburiy auditorlik tekshiruvini oʻtkazadi.
Maʼlumot uchun, Shuhrat Xudaykulov 1984 yil 26 iyul kuni Urganch shahrida tavallud topgan. Sankt-Peterburg davlat fuqaro aviatsiyasi universitetining “Aviatsiya tashuvlarini tashkil etish” mutaxassisligini tamomlagan. 2006 yil “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK jamoasiga kelib qoʻshilgan va faoliyatini “Toshkent” xalqaro aeroportining aviatashuvlarini tashkil etish agenti sifatida boshlagan.
2006-2019 yillar oraligʻida “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAKda turli lavozimlarda, jumladan, aviakompaniyaning xorijdagi vakolatxonalari, milliy aviakompaniyaning sotuvlar departamenti direktori sifatida faoliyat yuritgan. 2019-2023 yillarda Uzbekistan Airways AJda tijorat va turizm boʻyicha boshqaruv raisi oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
