Saida Mirziyoyeva Donald Trampning Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohiga tashrif buyurdi
Rezidensiyada AQSh Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Serjio Gor hamda Donald Trampning kichik qizi Tiffani Tramp bilan uchrashuv oʻtkazildi.

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva AQSh prezidenti Donald Trampning Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohiga tashrif buyurdi.
Rezidensiyada AQSh Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Serjio Gor bilan uchrashuv oʻtkazildi.
Saida Mirziyoyeva va Serjio Gor Amerika-Oʻzbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining hamraislari hisoblanadi.
“Samimiy mehmondoʻstlik va iliq qabul uchun chin dildan minnatdorlik bildiraman. Boʻlib oʻtgan mazmunli va konstruktiv muloqotni yuksak qadrlayman hamda yaqin kunlarda Vashingtonda samarali uchrashuvlar oʻtkazilishiga umid qilaman”, — deya taʼkidladi Saida Mirziyoyeva.
Eʼlon qilingan suratda, shuningdek, AQSh Prezidentining kenja qizi Tiffani Tramp va uning turmush oʻrtogʻi Maykl Bulos ham aks etgan.
