Fargʻonalik fermer 15 ming dollar olayotganda ushlandi
U xaridorni 3,7 gektar yer maydonini goʻyoki 7 gektar ekanligiga ishontirib, sotishga uringan.

Qoʻshtepalik fermer 3,7 gektar yerni 7 gektar deb sotmoqchi boʻldi.
Fargʻona viloyati Qoʻshtepa tumanida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish bilan shugʻullanuvchi fermer xoʻjalik rahbari xaridorni mazkur xoʻjalikning 3,7 gektar yer maydonini goʻyoki 7 gektar ekanligiga ishontirgan. Soʻngra yerni uning nomiga rasmiylashtirib berishini aytib, evaziga 20 ming AQSh dollari hamda 100 mln soʻm talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fermer xoʻjalik rahbari kelishilgan pul mablagʻidan 15 ming dollarini uchinchi shaxs orqali olgan vaqtida uning noqonuniy harakatiga chek qoʻyildi.
Hozirda qonunbuzarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Andijon viloyati hokimi oʻrinbosari $50 ming bilan ushlangandi.
