platina.uz
Tahlil

Eron yangi jahon tartibining chegaralarini qanday oʻzgartirmoqda?

Oʻrta asrlarda ham avvaliga “hamma – hammaga qarshi” tamoyili ustun boʻlgan changalzor qonunlari amal qilgan. Oʻzaro tinimsiz urushlar natijasida kuchli davlatlar paydo boʻlib, boshqa davlatlar ana shu kuchlilar atrofida uyusha boshlagan.

Eron yangi jahon tartibining chegaralarini qanday oʻzgartirmoqda?

Jahon shunday davrga kirib keldiki, Ikkinchi jahon urushidan keyin shakllangan dunyo tartiboti butkul oʻzgarib ketdi. Yana avvalgi davr – “kuchlilar doim haq” degan tamoyilga asta-sekin koʻnikib boryapmiz.

Bu aslida tabiiy jarayon. Oʻrta asrlarda ham xalqaro munosabatlarda avvaliga “hamma – hammaga qarshi” tamoyili ustun boʻlgan changalzor qonunlari amal qilardi. Oʻzaro tinimsiz urushlar natijasida nihoyat kuchli davlatlar paydo boʻlib, boshqa davlatlar ana shu kuchlilar atrofida uyusha boshladi. Nihoyat tinimsiz urushlardan charchagan davlatlar oʻzaro kelishishga, oʻzaro suverenitet va hududiy yaxlitlikni hurmat qilishga, ichki ishlarga aralashmaslikka kelishib olishdi.

Shu paytgacha kelishilgan oʻyin qoidalarini birinchi boʻlib 2014 yilda Rossiya buzgan edi. Moskva Ukrainaga tegishli Qrim yarim orolini surbetlarcha bosib olib, hududiy yaxlitlik tamoiylini yoʻqqa chiqardi. Bu qadam xalqaro munosabatlar tizimida yomon, ammo yuqumli pretsedent yaratdi.

Bundan ilhomlangan Donald Tramp esa jahonda koʻplab xalqaro huquq buzilishlari zanjiriga asos soldi. Venesueladagi voqealar, shu kunlarda Eron atrofidagi voqealar xalqaro huquqiy munosabatlar tizimini butkul izdan chiqardi. BMT va Xavfsizlik kengashining roli va ahamiyati kundan kunga pasayib ketmoqda. Aslida xalqaro qoidalarga rioya etilishini nazorat qilishi kerak boʻlgan BMTning falajlangani, “tishi yoʻq” va kuchi yoʻq qarorlari, Xavfsizlik kengashinining 2 aʼzosi – Rossiya va AQShning oʻzi bu qoidalarni buzayotgani bois dunyo yangicha tartibga oʻtishga majbur boʻlmoqda.

Xullas, shu paytgacha shakllangan tartib, konsensus va ittifoqchilik munosabatlari buzilib qayta tuzilmoqda.

Eron jabrdiydami?

Hozirda Eron urushni birinchi boshlamadi, unga hujum qilishdi, degan bayonotlar koʻp yangrayapti. Biroq hozirgi Eron rejimi paydo boʻlganidayoq xalqaro huquq qoidalariga zid oʻyin boshlagan edi. Jumladan, 1-oyatullo AQSh va Isroilni oʻziga dushman deb eʼlon qilib, ularni yoʻq qilishga vaʼda berdi. Shuningdek, butun Yaqin Sharqda notinchlik paydo qilgan proksi kuchlar – eronparast shia jangarilari tizimini yaratishdi. Ayniqsa, “Hizbulloh” boshqa davlatlarning huquqlarini poymol qilib, ichki ishlariga aralasha boshladi. Joylardagi tuzumlarni eronparast shia rahbarlari bilan almashtirishga urina boshladi. Eron rejimi ham neftdan kelayotgan milliardlab dollar mablagʻlarni oʻz xalqi farovonligi uchun emas, balki oʻzi va shia jangarilarini qurollantirish uchun sarfladi.

Albatta, AQSh va Isroil Eronni bombalashda nohaq edi. Biroq Eronning javobi axloqiy jihatdan ulardan ham yovuzroq maqsadlarni koʻzladi. Eron rejimi zimdan oʻziga dushman hisoblovchi sunniy arab davlatlariga raketa hujumlarini boshladi. Hozirda Tehron oʻzlari aytganidek, faqat AQSh harbiy bazalari emas, balki Xalij davlatlarining fuqarolik infratuzilmasini ham vayron qilmoqda. Oddiy aholining jabrlanishiga sabab boʻlmoqda.

2026 yil bahori esa geografik kengligi atigi bir necha oʻn kilometr boʻlgan tor dengiz yoʻlagida oʻzgarishni boshladi. Gap Hormuz boʻgʻozi – sayyoraning energetik nafas olishiga taʼsir qiluvchi muhim arteriya haqida ketmoqda.

Soʻnggi haftalardagi Eron atrofidagi voqealar endi Yaqin Sharqdagi navbatdagi keskinlik emas. Bu – geografiyani siyosiy arxitektura vositasiga aylantirishga urinish deyish mumkin. Balki yangi qoidalarni yaratishga qaratilgan harakat deb ham baholash mumkin.

Eron – musulmonlar manfaati uchun kurashyaptimi?

Tarixan ham, bugungi kunda ham Eron musulmonlar manfaatini himoya qilmagan va tamsil etmagan. Eron propagandasiga uchayotgan eronparast qatlamlar hozir Eronni sal boʻlmasa musulmonlar Vatikani, Oyatulloni esa Rim papasi sifatida koʻryapti. Biroq aslida shu paytgacha Eron faqat shialar manfaatini va Oyatullo rejimi himoyasini koʻzlab harakat qilgan. “Doʻsting kimligini ayt, sening kimligingni aytaman” degan maqolga amal qilsak, Eronning doʻstlari – ittifoqchilari – Rossiya, Armaniston, Hindiston va Xitoy hisoblanadi. Bu davlatlarni islomofob siyosati va musulmonlar manfaatini qoʻpol ravishda buzayotgan davlatlar sirasiga kiritish mumkin. Qolaversa, Erondagi amaldagi rejim sunniy musulmonlar, xususan Markaziy Osiyo va umuman turkiylar manfaatiga zid tashqi siyosat yuritib kelgan. Birgina misol, Eron “oʻrta yoʻlak” – Markaziy Osiyo davlatlarining Ozarbayjon orqali Yevropaga chiqishiga doim qarshi boʻlgan.

Turkiylarni qoʻyib turaylik, Erondagi rejim oʻz mazhabdoshi – aholisi shialar boʻlgan Ozarbayjonga ham dushmanona siyosat yuritgan. Armaniston bilan mojarolarda Armanistonni qoʻllab-quvvatlagan.

Tehron hatto forslarga qarindosh boʻlgan tojiklarga ham doʻstlik qilmagan.

Masalan, Tojikiston televideniyesida 2017 yil 8 avgust kuni Tojikiston IIV tomonidan tayyorlangan hujjatli film namoyish etilgan.

Unda Eron Tojikiston parlamenti sobiq spikeri Safar Ali Kenjayev, mashhur jurnalist Otaxon Latifiy, olimlar Muhammad Osimi, Yusuf Ishoqiy, Minhoja Gʻulyamov, siyosatchi Karim Yuldoshev, mashhur yozuvchi Sayf Rahim Afardi, sobiq muftiy Fathulloxon hamda Tojikistondagi Rossiya harbiy bazasining qariyb 20 nafar ofitserini oʻldirishlarining asosiy moliyaviy homiysi sifatida tilga olingan.

Tojikiston ichki ishlar vazirligi tomonidan tayyorlangan va 8 avgust kechqurun Tojikiston televideniyesida namoyish etilgan 45 daqiqalik filmda maʼlum qilinishicha, Tojikistondagi mashhur siyosatchilar, olimlar va jurnalistlarning oʻldirilishi Tehronning moliyaviy qoʻllab-quvvatlovi bilan hamda Tojikiston mudofaa vazirining sobiq oʻrinbosari Abduhalim Nazarzoda topshirigʻiga koʻra amalga oshirilgan.

Qoʻlga olinganlar 90-yillarda Eronning Qum, Gurgon, Mashhad va Tehron shaharlarida joylashgan harbiy tayyorgarlik bazalarida maxsus tayyorgarlikdan oʻtganliklarini tan oldilar. Shu bilan birga, ularga Eron pasportlari ham topshirilgan.

Film kadrlarida qoʻlga olinganlar Abduhalim Nazarzoda topshirigʻiga binoan tojik fuqarolari va rossiyalik harbiylarni oʻldirganliklarini tan olishgan.

Tagʻoymurod Ashrapovning aytishicha, 1999 yil mart oyida Dushanbe shahrida sodir etilgan Safar Ali Kenjayev qotilligi uchun eronliklar ularning har biriga 2 ming AQSh dollaridan toʻlagan.

Uning taʼkidlashicha, ushbu mashhur shaxslarni, jumladan, Kenjayevni yoʻq qilishdan asosiy maqsad respublika hukumatiga nisbatan fuqarolar oʻrtasida ishonchsizlik va nafrat uygʻotish boʻlgan.

Geografiya siyosatga aylanganda

Yana bugungi voqelikka qaytsak. Hormuz boʻgʻozi har doim muhim boʻlgan. U orqali jahon neftining katta qismi oʻtib, Fors koʻrfazi mamlakatlarini global bozorlar bilan bogʻlab kelgan. Ammo bu ahamiyat koʻproq ehtimoliy xavf sifatida qaralardi: Eron uni yopish mumkinligini tez-tez aytgan, ammo hech qachon tizimli ravishda kemachilik qoidalarini oʻzgartirmagan.

2026 yil esa bundan mustasno boʻldi. Tehron oʻz tahdidlarini oshigʻi bilan bajarmoqda. U tanlab oʻtkazish rejimini shakllantirishga kirishdi, yaʼni boʻgʻozdan oʻtish huquqi xalqaro huquq emas, balki siyosiy munosabatlarga bogʻliq boʻlib qoldi. Shuningdek, neft savdosini dollarda emas, balki Xitoy milliy valyutasi – yuanda amalga oshirishni talab qilmoqda. Eron propagandasi qurbonlari dod-voy solayotganidek, Eron avvalo musulmon davlatlarga emas, Rossiya, Hindiston va Xitoy kemalariga boʻgʻozdan yuk olib oʻtishga ruxsat berdi.

Bu – zamonaviy tarixda sifat jihatidan yangi bosqich hisoblanadi: oddiy blokada emas, balki global savdoni oʻziga xos filtrlash deb atash mumkin.

Umumiy qoidalar yoʻq boʻldimi?

Zamonaviy globalizatsiya oddiy, ammo muhim tamoyilga – dengiz orqali erkin harakat tamoyiliga tayanadi. Bu tamoyil taʼminot zanjirlarining barqarorligi, bozorlarning prognoz qilinishi va iqtisodiyotning siyosatdan nisbatan mustaqilligini taʼminlab kelgan. Eron harakatlari bu tamoyilni yoʻqqa chiqarmoqda.

Agar strategik yoʻllarga kirish tanlab beriladigan boʻlsa, dunyo yangi modelga – nazorat qilinadigan yoʻlaklar modeliga oʻta boshladi.

Bunda yoʻlaklar siyosiy ittifoqlarga bogʻliq boʻladi, logistika bosim vositasiga aylanadi, iqtisodiyot neytrallikni yoʻqotadi va hokazo.

Eng xavflisi – Hormuz hodisasi salbiy pretsedentga aylanishi mumkin. Turkiya ham Bosfor boʻgʻozidan oʻtishga shunday cheklovlar qoʻysa, qanday siyosiy-iqtisodiy inqiroz boshlanishini tasavvur qilish qiyin emas. Chunki 2023 yilda Bosfor va Dardanell boʻgʻozlari orqali erkin oʻtishni kafolatlovchi Montre shartnomasining muddati tugadi. Turkiya ham istalgan paytida bu suv yoʻlaklaridan oʻtish tartibini qayta belgilashi mumkin.

Koʻp qutbli dunyo amalda

Dunyo reaksiyasi yana bir muhim tendensiyani koʻrsatmoqda – bu yagona pozitsiyaning yoʻqligi bilan ifodalanadi. Hormuz boʻgʻozidagi inqiroz shu tarzda qolishi mumkin emas. Yoki ochish kerak, yoki Erondagi rejimni oʻzgartirish.

Hozir Xitoy va Rossiya ehtiyotkor pozitsiyada. Ular Eronga qarshi ochiq bosimni qoralamoqda. Qolaversa, bu inqiroz Rossiyaga neft narxlari koʻtarilishi va sanksiyalarning vaqtincha yumshatilishi fonida katta daromad keltirmoqda.

Gʻarb esa tanlov oldida turibdi. Harbiy aralashuv – katta mintaqaviy, hatto jahon urushini keltirib chiqarishi mumkin. Harakatsizlik esa xalqaro qoidalarning zaiflashganiga rozi boʻlishni anglatadi.

Lekin tarixdan maʼlumki, abadiy vaziyatning oʻzi yoʻq. Eron ham uzoq vaqt urush holatida boʻla olmaydi. Dunyo jim qarab oʻtira olmaydi. Qolaversa, Tehron arab davlatlariga zarba berib, ularni doʻst deb bilmasligini aniq isbotladi. Bugun “issigʻida” bilinmasligi mumkin. Ammo yaqin istiqbolda bu Eronning tashqi siyosatdagi mavqeiga, demakki, iqtisodiy vaziyatiga ham katta putur yetkazadi. Ayrimlar oʻylaganidek, Eron endi qudratli davlatga aylanib qolmaydi. Bu intihonining ibtidosi xolos...

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid