Andijon viloyati hokimi oʻrinbosari $50 ming bilan ushlandi
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Andijon viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar boʻyicha oʻrinbosari Ismanov Isomiddin Baxriddinovich 50 ming AQSh dollari miqdorida pora olayotganda ushlangan. Bu haqda Platina.uz manbasi xabar bermoqda.
DXX viloyat boshqarmasi xodimlari 2026 yil 4 aprel kuni fuqaro S.R.T.ning arizasiga asosan tezkor tadbir oʻtkazgan.
Aniqlanishicha, Ismanov fuqaro S.R.T.ga tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun Bobur shahri hududidagi davlat zaxirasida boʻlgan 20 sotix yer maydonini viloyat qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi boshligʻi orqali auksionga qoʻydirib, uning nomiga rasmiylashtirib va kelgusida ushbu joyda qurilish uchun ruxsatnoma olib berishini aytgan.
Evaziga har bir sotix yer uchun 2 500 AQSh dollaridan jami 50 000 AQSh dollari miqdorida pul talab qilgan. Shu kuni S.R.T.dan kimyoviy ishlov berilgan 50 000 AQSh dollari miqdoridagi pul mablagʻlarini oʻz uyida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan I.B.Ismanovga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. B.Ismanov JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.
Maʼlumot uchun, Isomiddin Ismanov 2022-2025 yillarda Andijon viloyati IIB boshligʻining oʻrinbosari – Jamoat xavfsizligi xizmati boshligʻi, 2025 yil may oyidan IIV Tezkor-qidiruv departamenti, tezkor vaziyatni tahlil qilish boshqarmasi boshligʻi lavozimida ishlagan.
2025 yil dekabr oyida Andijon viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga tayinlangan.
