Xalq banki pensiya tarqatish boʻyicha vakolatini rasman yoʻqotdi
Markaziy bank qarori bilan ushbu yoʻnalishdagi ikkita qaror oʻz kuchini yoʻqotgan.

Ishlamaydigan pensionerlarga toʻlovlarni tashkil etish boʻyicha Xalq bankining vakolatlari rasman oʻz kuchini yoʻqotdi.
Bu haqda 30 mart kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank qarori imzolangan. Unga koʻra, 2018 va 2019 yildagi yoʻriqnomalar oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 29 oktabrdagi 714-son “Fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish sohasidagi qonunchilik hujjatlari takomillashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq pensiya tayinlash va tarqatish byurokratiyadan xoli boʻlgan.
Xususan:
- pensiyalarni tayinlash hamda toʻlash tartiblarini raqamlashtirish orqali ortiqcha byurokratik toʻsiqlar bartaraf etilgan;
- pensiya tayinlangani toʻgʻrisida qogʻoz koʻrinishidagi guvohnoma berish amaliyoti bekor qilingani munosabati bilan maxsus axborot tizimi orqali elektron shaklda maʼlumotlar shakllantirilgan;
- pensiya miqdorlari tovarlar va xizmatlarning isteʼmol narxlari indeksi darajasini hisobga olgan holda indeksatsiya qilib borilyapti.
