Toshkentda bank eksperti 10 ming dollar bilan qoʻlga olindi
U tadbirkorga Samarqand viloyatida joylashgan banklarning biridan 1 mlrd 250 mln soʻm kredit olib berishni vaʼda qilgan.

Toshkentda bank eksperti 10 ming dollar bilan qoʻlga tushdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazildi.
Unda poytaxtda faoliyat yurituvchi nufuzli aksiyadorlik tijorat banklaridan birining katta eksperti xizmat koʻrsatish sohasiga ixtisoslashgan MChJ rahbaridan 10 ming AQSh dollarini tamagirlik yoʻli bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Aniqlanishicha, ushbu mutaxassis oʻzining tanishlari orqali, Samarqand viloyatida joylashgan banklarning biridan mazkur MChJga 1 mlrd 250 mln soʻm miqdorida kredit olib berishni vaʼda qilgan.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avval Qashqadaryoda 80 mln soʻm talab qilgan bozor rahbari ushlangandi.
