platina.uz
Jamiyat

Qoraqalpogʻiston mamlakat media hayotining eng qaynoq nuqtasiga aylandi — “Media haftalik” yakunlari

Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Oʻzbekistonda yilning eng yirik media loyihalaridan biri — “Media haftalik”ni yoʻlga qoʻydi. Loyiha 30 martdan 3 aprelgacha Qoraqalpogʻistonda yuqori atmosferada oʻtkazildi.

Qoraqalpogʻiston mamlakat media hayotining eng qaynoq nuqtasiga aylandi — “Media haftalik” yakunlari

Anʼanaviy quruq akademik maʼruzalardan voz kechilib, jonli amaliyotga asoslangan ushbu tashabbus soʻnggi besh kun ichida Qoraqalpogʻiston Respublikasini mamlakat media hayotining eng qaynoq nuqtasiga aylantirdi.

Loyiha kutilganidan ancha keng qamrov oldi: hududda 700 dan ortiq media vakillari — jurnalistlar, blogerlar, SMM mutaxassislari va yosh kontent yaratuvchilar bir maydonda jamlandi. Bu oddiy oʻquv emas, balki mediaga yangicha qarashni shakllantirgan amaliy tajriba maktabiga aylandi.

Haftalik milliy mediada yangi impuls berdi: ishtirokchilar sunʼiy intellektdan foydalanish, faktcheking, kreativ kontent ishlab chiqish va axborot xurujlariga qarshi turish kabi koʻnikmalarni amalda oʻzlashtirdi.

Eng muhimi, besh kunlik muloqot davlat idoralari va media oʻrtasidagi “koʻrinmas devor”ni buzib, oʻzaro ishonch va hamkorlikka asoslangan yangi media muhitini shakllantirdi.

Dastur besh yoʻnalishda olib borildi: jurnalistika, televideniye, axborot xizmatlari, SMM va bloging. Unda AI, krizis-kommunikatsiya, storitelling, montaj va algoritmlar bilan ishlash kabi eng dolzarb yoʻnalishlar qamrab olindi.

Shu bilan birga, haftalik doirasida minglab yoshlarni qamrab olgan SMM va mobilografiya kurslari natijalari taqdim qilinib, koʻplab ishtirokchilarga sertifikat va amaliy imkoniyatlar berildi.

Kontent markaz ochilganda koʻpchilikda bir savol bor edi: “Yana bitta idorami yoki rostdan ham ish qiladimi?” Javob uzoq kuttirmadi. Qisqa vaqt ichida markaz ortiqcha piarsiz, balandparvoz gaplarsiz juda tez “ish rejimi”ga shoʻngʻib ketdi.

Bugun u qogʻozda emas, amalda koʻrinib turgan strukturaga aylandi: televideniye, radio, saytlar bilan yaqindan hamkorlikda ishlayapti. Tarixiy manzil — Alisher Navoiy koʻchasi, 30-uyda joylashgan Kontent markazining binosi taʼmirlanib, oʻziga xos jozibador, yorugʻ va shinam, media vakillari uchun ochiq va qulay maskanga aylantirildi. Markaz soha vakillarini bir joyga toʻplayapti. Bu binoga tahririyatlar “joy izlab” kelyapti. Hozirning oʻzida 10 dan ortiq sayt shu yerda faoliyat yuritmoqda.

Eng katta oʻzgarish esa boshqa joyda: bu yerda hech kimni “sen jurnalistsan”, “sen blogersan”, “sen vaynersan”, “sen gazetachisan” deb ajratishmadi — barchaga birdek yaqinlik, bir xil imkoniyat va umumiy maydon yaratildi. Bu esa media ichidagi parchalanishni sekin-asta yoʻqotyapti.

“Media haftalik” shu yondashuvning eng yorqin namunasi boʻldi. Turli soha vakillari bir joyda, bir formatda, quruq gap emas, real ish ustida ishladi. Qoraqalpogʻistondagi bosqich esa shunchaki tadbir emas, signal boʻldi: shovqin qilmasdan ham katta ishlarni qilish mumkin. Kontent markazi amalda buni namoyon qildi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid