Poytaxtda turli maqsadlar uchun byudjetdan qariyb 95 mlrd soʻm ajratiladi
Yogʻingarchilikda suv toʻplanishining oldini olish maqsadida 34 ta kollektorda qurilish-taʼmirlash ishlari olib boriladi. Ikki tumanda koʻchalarning yoritish tizimini yangilashga 10 mlrd soʻm yoʻnaltiriladi.

Toshkent shahar byudjetidan turli maqsadlar uchun qariyb 95 milliard soʻm yoʻnaltiriladi. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi qarorida aytiladi. Qaror 2026 yil 3 aprel kuni eʼlon qilindi.
Poytaxt byudjetining erkin qoldiq mablagʻlari hisobidan yirik loyihalarni moliyalashtirish belgilandi. Jami 94 695 290,0 ming soʻm miqdoridagi mablagʻ shahar infratuzilmasini yaxshilash, ijtimoiy sohani qoʻllab-quvvatlash va yangi qurilish ishlariga sarflanadi.
Gidrometeorologiya markazi uchun Yunusobod tumani, Chinobod koʻchasida joylashgan obʼektni rekonstruksiya qilish uchun 14,7 mlrd soʻm ajratiladi.
Poytaxtda yogʻingarchilik paytida suv toʻplanishining oldini olish maqsadida 34 ta kollektorda qurilish-taʼmirlash ishlari olib boriladi (12,7 mlrd soʻm).
Sergeli va Bektemir tumanlaridagi ichki va asosiy koʻchalarning yoritish tizimini yangilashga 10 mlrd soʻm yoʻnaltiriladi.
Chilonzor tumanidagi "Anhor" kanali boʻylab 1,7 km masofada yangi sayilgoh tashkil etiladi (7,5 mlrd soʻm beriladi).
Bogʻchalarda vaqtincha toʻxtab turgan guruh xonalarini taʼmirlash va jihozlash uchun 10,5 mlrd soʻm beriladi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida "smart" auditoriyalar tashkil etish va moddiy-texnik bazani yangilashga 1,5 mlrd soʻm ajratiladi. Milliy bolalar kontentini yaratish loyihasiga 1,7 mlrd soʻm yoʻnaltirish koʻzda tutilgan.
Shahar obodonlashtirish boshqarmalari uchun 12 ta asfalt yotqizgich va 12 ta yoʻl frezasi xarid qilinadi (9,1 mlrd soʻm). Navroʻz bayrami boʻlib oʻtgan markaziy koʻchalarni illyuminatsiya chiroqlari bilan bezatish xarajatlariga 6,3 mlrd soʻm sarflanadi.
Toshkent shahar futbol mahorati assotsiatsiyasini moliyalashtirish uchun 1,5 mlrd soʻm ajratiladi.
Mablagʻlarning maqsadli ishlatilishi ustidan nazorat qilish Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining tegishli komissiyasi raisi M. Tohirov va shahar hokimining birinchi oʻrinbosari B. Rahmonov zimmasiga yuklatilgan. Shuningdek, Davlat moliyaviy nazorat inspeksiyasi mablagʻlarning sarflanishini bevosita tekshirib boradi.
