Kinotavsiya: “Otalar”, “Toʻmaris” va “Gastarbayter”
Loyihaning yangi sonida mumtoz asarlarga eʼtibor berildi. Dam olish kunlarini maroqli oʻtkazish uchun TOP-5 ta filmni tomosha qiling.

“Kinotavsiya” loyihasining bu galgi sonida turli janrdagi filmlar tanlab olindi. Ularning orasida klassik durdonalardan tortib mistika va tarixiy kinolar ham bor.
5. “Gastarbayter”, 2009
Rejissyor Yusuf Roziqov tomonidan suratga olingan, Oʻzbekiston va Rossiya hamkorligidagi dramatik film. Bosh rollarda Bahodir Boltayev, Darya Gorshkalyova, Raʼno Shodiyeva, Farhod Abdullayev, Muhammadiso Abdulxairov.
Syujet
Kartinaning markazida keksa otaxon – Sodiq taqdiri turadi. Uning hayoti yoʻqotishlarga toʻla boʻlgan: urush, qatagʻon va yaqinlarining oʻlimini boshidan kechirgan. Sodiq ota Rossiyaga ishlashga ketib, bedarak yoʻqolgan nabirasi Omonni izlab, Moskvaga yoʻl oladi. Moskvada otaxon turli insonlarga duch keladi va unga fohishalik bilan shugʻullanuvchi Vika ismli qiz nabirasini topishda yordam beradi.
Film faqat migrantlar hayoti haqida emas, balki insoniylik, mehr-oqibat va turli millat vakillari oʻrtasidagi munosabatlar haqida hikoya qiladi.
Film bir qancha xalqaro festivallarda, jumladan, “Kinotavr” va Karlovi Vari kinofestivallarida ishtirok etgan. “Yevraziya-2010” festivalida eng yaxshi ayol roli uchun mukofotga sazovor boʻlgan.
4. “Toʻmaris”, 2019 (Qozogʻiston)
Qozogʻiston tomonidan suratga olingan tarixiy drama janridagi badiiy film qadimgi sak-massagetlar malikasi Toʻmarisning hayoti va uning Fors podshosi Kir II ustidan qozongan gʻalabasi haqida hikoya qiladi. Rejissyor: Akan Satayev. Bosh rollarda: Almira Tursin, Adil Axmetov, Yerkebulan Dayirov, Gʻassan Massud va Nozim Toʻlaxoʻjayev.
Syujet
Film miloddan avvalgi VI asrda boʻlib oʻtgan voqealarga asoslangan. Unda Toʻmarisning bolaligidan boshlab, yaqinlaridan ayrilishi, jangchi sifatida shakllanishi va tarqoq sak qabilalarini birlashtirib, oʻz yerini bosqinchilardan himoya qilishi tasvirlanadi. Eng kulminatsion nuqta – massagetlar va Ahamoniylar qoʻshini oʻrtasidagi ayovsiz jang hamda Toʻmarisning Kir II ustidan qozongan tarixiy gʻalabasidir.
3. 1408, 2007 (AQSh)
Stiven Kingning shu nomli asari asosida suratga olingan psixologik dahshatli (horror) film. Rejissyor Mikael Xofstryom. Bosh rollarda: Jon Kyusak (Mayk Enslin) va Semyuel L. Jekson (Jerald Olin).
Filmning bir nechta variantdagi yakunlari (alternate endings) mavjud. Kinoteatrlarda namoyish etilgan versiyada Mayk tirik qoladi, ammo rejissyorlik versiyasi ancha mahzunroq tugaydi.
Xona raqami boʻlgan 1408ning raqamlari yigʻindisi (1+4+0+8) 13 ga teng, shuningdek, mehmonxonada bu xona aslida 13-qavatda joylashgan (garchi qavat 14-deb belgilangan boʻlsa ham).
Syujet
Film voqealari gʻayritabiiy hodisalarga ishonmaydigan yozuvchi Mayk Enslin atrofida aylanadi. Mayk mehmonxonalardagi arvohlar haqida kitob yozadi va navbatdagi materiali uchun Nyu-Yorkdagi “Delfin” mehmonxonasining mashʼum 1408-xonasiga joylashadi.
Mehmonxona menejeri Jerald Olin uni bu xona “yovuzlik” manbai ekanidan va u yerda 50 dan ortiq odam halok boʻlganidan ogohlantiradi, ammo Mayk bunga ishonmaydi. Xonaga kirishi bilan Mayk chinakam dahshatga duch keladi: vaqt toʻxtaydi, xona uning psixologik qoʻrquvlari va oʻlgan qizi bilan bogʻliq xotiralaridan foydalanib, uni aqldan ozdirishga harakat qiladi.
2. “Havodagi qamoqxona”, 1997 (AQSh)
Rejissyor Saymon Uest tomonidan suratga olingan mashhur jangari film. Kino oʻz davrining eng kassabop va klassik ekshn-kartinalaridan biri hisoblanadi. Bosh rollarda: Nikolas Keyj, Jon Malkovich, Jon Kyusak va Stiv Bushemi (mashhur manyak-qotil rolida).
Filmdagi "How Do I Live" qoʻshigʻi juda mashhur boʻlib, Oskar mukofotiga nomzod qilib koʻrsatilgan. Film yakunidagi samolyotning Las-Vegasdagi mehmonxonaga qulashi sahnasi haqiqiy Sands Hotel mehmonxonasi buzilayotgan vaqtda suratga olingan.
Syujet
Voqealar markazida sobiq armiya reynjeri Kemeron Po (Nikolas Keyj) turadi. Kemeron homilador xotinini mast bezorilardan himoya qilaman deb, bexosdan birini oʻldirib qoʻyadi va 8 yilga qamaladi. Jazo muddatini oʻtab boʻlgach, u uyiga – xotini va hech qachon koʻrmagan qizining tugʻilgan kuniga yetib borish uchun mahkumlarni tashuvchi maxsus samolyotga chiqadi.
Samolyotda mamlakatning eng xavfli jinoyatchilari ham bor edi. Ular oʻta aqlli va shafqatsiz Sayrus "Virus" Grissom boshchiligida samolyotni egallab olishadi. Kemeron Poning ozodlikka chiqish imkoniyati boʻlsa-da, u qandli diabet bilan kasallangan doʻstiga yordam berish va boshqa garovdagilarni qutqarish uchun samolyotda qoladi va jinoyatchilarga qarshi maxfiy kurash boshlaydi.
1. “Otalar”, 1983 (Fransiya)
Bu film Jerar Deparde va Per Rishar mashhur dueti ishtirokidagi eng sevimli kinolardan biri hisoblanadi. Rejissyor: Frensis Veber. Bu film Deparde, Rishar va Veber hamkorligidagi uchlikning ikkinchi filmi hisoblanadi (birinchisi – “Omadsizlar” (La Chèvre), uchinchisi “Qochoqlar” (Les Fugitifs).
1997 yilda ushbu film asosida AQShda Robin Uilyams va Billi Kristal ishtirokida “Otalar kuni” (Fathers' Day) nomli rimeyk suratga olingan.
Syujet
17 yoshli oʻspirin Tristan uyidan qochib ketadi. Uning onasi Kristin politsiya va erining harakatlaridan qoniqmay, oʻgʻlini topish uchun ayyorlik ishlatadi. Ona oʻzining ikki sobiq sevgilisiga – qoʻrs jurnalist Jan Lyuka (Deparde) va oʻziga ishonmaydigan, tushkunlikka moyil Fransua Pinonga (Rishar) alohida qoʻngʻiroq qilib, Tristan ularning oʻgʻli ekanini aytadi.
Ikkala “yangi ota” ham masʼuliyatni his qilib, bolani qidirishga tushishadi va bir-birlari bilan toʻqnashadi. Ular turli qiziqarli va xavfli vaziyatlarga, jumladan, mafiya va bezorilar bilan bogʻliq muammolarga duch kelishadi.
