Qashqadaryoda 80 mln soʻm talab qilgan bozor rahbari ushlandi
U fuqaroga bozor hududida joylashgan, lekin tegishli hujjatlari boʻlmagan savdo doʻkonini rasmiylashtirib berish evaziga pul talab qilgan.

Qashqadaryoda mansab vakolatini suiisteʼmol qilgan bozor rahbari qoʻlga olindi.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda bozor rahbarining noqonuniy harakati fosh etildi.
Xususan, Dehqonobod tumanida faoliyat yurituvchi bozorlardan birining rahbari oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqaroga bozor hududida joylashgan, lekin tegishli hujjatlari boʻlmagan savdo doʻkonini sotishini, keyinchalik esa uning nomiga rasmiylashtirib berishini aytib, “xizmati” evaziga 80 mln soʻm talab qiladi.
Oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida mazkur mansabdor shaxs tadbirkordan 6600 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Toshkent viloyatida advokat 10 ming dollar bilan ushlangandi.
U fuqaroga sud idoralari tomonidan tayinlangan 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini oʻzgartirib berishni vaʼda qilgan.
