Oʻnta OTMga milliy tadqiqot universiteti maqomi beriladi
2027 yildan boshlab oliy taʼlim tashkilotlarini ularning milliy reytingdagi natijalariga koʻra moliyaviy ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Mamlakatimizda soʻnggi yillarda oliy taʼlim qamrovini kengaytirish, taʼlim sifatini oshirish, ilmiy salohiyatni mustahkamlash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Qolaversa, tizimdagi mavjud salohiyatdan samarali foydalanish, ilm-fanni iqtisodiyot bilan uzviy bogʻlash, taʼlim va tadqiqot integratsiyasini chuqurlashtirish dolzarb vazifa boʻlib qolmoqda.
Shu munosabat bilan taqdimotda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan yangi chora-tadbirlar koʻrib chiqildi.
Jumladan, “U10 – Oʻzbekistonning global darajadagi ilgʻor universitetlari” dasturi amalga oshiriladi. Dastur doirasida tanlov asosida 10 ta oliy taʼlim tashkilotiga milliy tadqiqot universiteti maqomi berilib, ularda ilmiy klasterlar tashkil etiladi.
Mazkur tanlov professor-oʻqituvchi va olimlar salohiyati, ishtirokchi tashkilotlarning milliy va xalqaro reytinglardagi oʻrni, ilmiy infratuzilmasi hamda moliyalashtirishdagi ulushi kabi koʻrsatkichlar asosida oʻtkaziladi.
Tashkil etiladigan ilmiy klasterlar mahalliy va xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari, ilmiy muassasalar hamda sanoat korxonalari hamkorligidagi konsorsium sifatida faoliyat yuritadi.
Milliy tadqiqot universiteti maqomi berilgan universitetga ilmiy klaster tashkil etish uchun Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan 150 milliard soʻmgacha mablagʻ ajratiladi.
Shuningdek, oliy taʼlim tizimida natijaga yoʻnaltirilgan moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Xususan, 2027 yildan boshlab oliy taʼlim tashkilotlarini ularning milliy reytingdagi natijalariga koʻra moliyaviy ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Bunda universitetlar taʼlim sifati, ilmiy faoliyat, xalqaro hamkorlik, raqamlashtirish va bitiruvchilar bandligi kabi mezonlar asosida baholanadi.
Davlat granti asosida taʼlim olayotgan talabalar uchun oliygohlarga ajratiladigan mablagʻlar miqdorini shakllantirishda ham yangi yondashuvlar taklif etildi. Endilikda taʼlim yoʻnalishining murakkabligi, mehnat bozori ehtiyojlari, universitet reytingi, hududiy omillar va professor-oʻqituvchilar mehnatini ragʻbatlantirish kabi koʻrsatkichlar inobatga olinadi.
Ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishning yangi tizimi joriy etilishi koʻzda tutilmoqda. Xususan, davlat ilmiy dasturlari doirasida ajratiladigan mablagʻlarning kamida 50 foizi ustuvor yoʻnalishlarga sarflanadi. Loyihalarni saralash xalqaro ekspertiza, ilmiy-texnik kengashlar va tarmoq korxonalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Shuningdek, oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlar faoliyatida ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishni kengaytirishga qaratilgan yangi tizim taklif etildi.
Jumladan, oliygohlarning “spin-off” korxonalarini tashkil etish orqali “tarmoq – korxona – oliy taʼlim tashkiloti – ilmiy tashkilot” zanjiri asosida innovatsion mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish nazarda tutilmoqda.
Bu orqali ilm-fan natijalarini amaliyotga joriy etish, texnologik transferni kuchaytirish va universitetlarning tadbirkorlik faolligini oshirish maqsad qilingan.
Oʻzbekistonni mintaqaviy taʼlim xabiga aylantirish maqsadida xorijiy talabalarni jalb etish boʻyicha yangi mexanizmlar taklif qilindi. Jumladan, har yili respublika davlat oliy taʼlim tashkilotlarida 500 nafargacha iqtidorli chet el fuqarolariga oliy taʼlim olish uchun grant ajratishni nazarda tutuvchi “Yangi Oʻzbekiston stipendiyasi” dasturini amalga oshirish belgilanmoqda.
Taqdimotda sohada boshqaruv samaradorligini oshirish, raqamli taʼlim va sunʼiy intellektni rivojlantirish, yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan boshqa muhim tashabbuslar ham muhokama qilindi.
Davlat rahbari taqdim etilgan takliflarni har tomonlama puxta ishlab chiqish, ularni bosqichma-bosqich joriy etish orqali oliy taʼlim va ilm-fan tizimini yangi darajaga olib chiqish muhimligini taʼkidladi. Masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.
