NATOning oʻrnini bosuvchi yangi harbiy ittifoq tuzish taklif etildi
Bu haqda Trampning Ukraina boʻyicha sobiq maxsus elchisi Kit Kellog gapirdi. U NATOni "qoʻrqoq va samarasiz" tashkilot deb nomlagan.

Isteʼfodagi general-leytenant va AQSh prezidentining Ukraina boʻyicha sobiq maxsus elchisi Kit Kellogg NATO Eron va AQSh-Isroil harbiy mojarosi paytida oʻzini "qoʻrqoq" va samarasiz ekanligini isbotlaganini aytdi.
U alyansning oʻrnini bosuvchi yangi ittifoq tuzishni taklif qildi, deb xabar beradi Fox News.
"Mavjud mudofaa ittifoqlarni qayta koʻrib chiqing, ehtimol Yaponiya, Avstraliya va jangovar harakatlarga tayyor boʻlgan baʼzi Yevropa mamlakatlari, masalan, yangi kuchga ega boʻlgan Germaniya yoki Polsha bilan ittifoq tuzing. Hatto oʻzini yaxshi ittifoqchi sifatida koʻrsatgan Ukraina bilan ham", dedi Kellogg.
AQShning sobiq milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchisi oʻrinbosari Viktoriya Kouts generalning fikrini quvvatladi.
"Ular Ikkinchi Jahon urushidan beri Yevropadagi eng yirik urushni boshqara olmaydilar. Ular buni oʻz qitʼasida ham boshqara olmadilar. Shuning uchun menimcha, bizga Yaqin Sharqda ular haqiqatan ham kerak emas", dedi u.
Kouts NATOning qoʻllab-quvvatlashi "yaxshi boʻlardi", deb taʼkidladi, ammo prezident Donald Tramp allaqachon "Qoʻshma Shtatlar Isroil kabi chinakam gʻayratli ittifoqchi bilan nima qila olishini namoyish etdi".
Uning taʼkidlashicha, Eron harbiylariga yetkazilgan vayronagarchilik Rossiya va Xitoy uchun kuchli toʻxtatuvchi omil boʻlib xizmat qiladi.
AQSh sobiq davlat kotibi Mayk Pompeo NATOni oʻnlab yillar davomida muhim ittifoqchi deb hisoblaganini, ammo endi ittifoq mamlakatlari faol va muhim emasligini aytdi. Uning fikricha, AQSh oʻz ittifoqchilari kimligini va ularga qanday ishonish mumkinligini tubdan qayta koʻrib chiqishi kerak boʻladi.
