platina.uz
Jamiyat

Mobil aloqa boʻyicha yangi tartiblar kuchga kiradi

Tarif almashtirish bepul boʻladi, tekin xizmatlarni pulli qilish va abonent hisobini qarzga tiqish taqiqlanadi hamda boshqa yangi normalar joriy etiladi.

Mobil aloqa boʻyicha yangi tartiblar kuchga kiradi

27 apreldan mobil aloqa boʻyicha joriy etilgan yangi tartib kuchga kiradi. Adliya vazirligi 2026 yil 26 yanvarda Telekommunikatsiyalar xizmatlarini koʻrsatish qoidalarining yangi tahririni davlat roʻyxatidan oʻtkazgan edi.

Birinchidan, Markaziy bank xabariga koʻra, 22 apreldan mobil ilovadan foydalanish uchun unga ulangan telefon raqami aynan oʻsha shaxs nomida boʻlishi kerak. Yaʼni mobil ilovalardan foydalanuvchining telefon raqami jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamiga (JShShIR) mos boʻlishi shart.

Agar bunday moslik aniqlanmasa, mobil ilovada roʻyxatdan oʻtkazishga va (yoki) bank kartasini biriktirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Bu haqda foydalanuvchiga SMS-xabarnoma orqali maʼlum qilinadi.

Ikkinchidan, mobil aloqa abonentlari shaxsiy hisobida mablagʻ xizmat koʻrsatishni davom ettirish uchun yetarli boʻlmaganda mobil aloqa operatori va abonent oʻrtasida tuzilgan shartnomani bekor qilish (mavjud boʻlmagan raqam holatiga oʻtkazish) muddati 2 oydan 1 yilga uzaytiriladi.

Uchinchidan, abonentlar amaldagi tarif rejasini istalgan boshqa tarif rejasi bilan bepul almashtirishi mumkin (bundan muayyan guruh yoki maʼlum cheklangan hudud uchun ishlab chiqilgan alohida tarif rejalariga oʻtish mustasno).

Amaldagi tariflar shartlari oʻzgarganda, abonentlar bu haqda kamida 15 kun oldin ommaviy axborot vositalari, rasmiy veb-sayt yoki SMS xabarnomalar orqali majburiy tartibda xabardor qilinadi.

Toʻrtinchidan, xizmat koʻrsatish punktiga kelish imkoniyati boʻlmagan fuqarolar uchun yashash joyiga borish, olis va yetib borish qiyin boʻlgan aholi punktlarida sayyor mobil aloqa xizmatlarini koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi.

Beshinchidan, abonent roziligisiz dastlab bepul boʻlgan xizmatlarni pullik qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Oltinchidan, abonent – jismoniy shaxsdan tarif rejasi boʻyicha abonent toʻlovi va xizmat uchun mablagʻ yechishda hisobni salbiy holatga (qarzdorlik holatiga) keltirish taqiqlanadi.

Yettinchidan, abonentlar Prezident virtual qabulxonasining ishonch telefonlariga kecha-kunduz bepul qoʻngʻiroq qilishlari mumkin.

Sakkizinchidan, mobil aloqa tarmoqlarida abonent raqamlarini koʻchirish endilikda xizmat koʻrsatish punktlarida 8 ish soatida emas, balki 20 daqiqa ichida amalga oshiriladi.

Shuningdek, mobil aloqa abonentlariga pullik qoʻshimcha xizmatlarga obuna boʻlish boʻyicha kontent xizmatlari koʻrsatishning quyidagi yangi tartibi belgilandi:

  • xizmatlarni aktivatsiya qilish operatorlarning mobil ilovalari yoki USSD kodlar orqali amalga oshiriladi;
  • kontent provayderlari tomonidan abonentlarga taqdim etiladigan barcha pullik xizmatlar dastlab nofaol holatda boʻlishi kerak.

Eslatib oʻtish kerak, Raqobat qoʻmitasi 2025 yil noyabrda mobil aloqa operatorlari tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar uchun narxlar oshirilishi yuzasidan oʻrganishlar boshlagan edi, ammo haligacha natijalari eʼlon qilinmadi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid