Boris Gafurov “Ilhom”ni saqlab qolishda koʻrsatilgan yordam uchun Saida Mirziyoyevaga minnatdorlik bildirdi
“Ilhom” teatri badiiy rahbari Boris Gafurov “Solnechnыy TV” kanaliga bergan intervyusida “Ilhom” teatrini yopish xavfi tugʻilgan murakkab davrda koʻrsatgan qoʻllab-quvvatlovi uchun Saida Mirziyoyevaga oʻz minnatdorligini izhor etdi.

“Ilhom” teatri 50 yillik yubileyini nishonlamoqda. Shu munosabat bilan “Solnechnыy TV” kanali teatr tarixi va bugungi faoliyatiga bagʻishlangan hujjatli filmni namoyish etdi.
Film doirasida teatrning badiiy rahbari Boris Gafurov ham kanalga intervyu berib, jamoa bosib oʻtgan murakkab yoʻl haqida soʻz yuritdi. U, xususan, 2020 yilda teatr yopilish xavfi ostida qolganini eslab, ana shu ogʻir davrda Saida Mirziyoyeva tomonidan koʻrsatilgan qoʻllab-quvvatlov uchun minnatdorchilik bildirdi.
“Bizning bu yertoʻladagi (“Ilhom” teatri) faoliyatimiz tarixi ham juda qiziq, ham ancha murakkab. Koʻpchilik mazkur joyni bizning xususiy mulkimiz deb oʻylaydi. Yoʻq, biz bu yerdan ijara asosida foydalanamiz.
Aslida, bu joy “Shodlik” majmuasiga tegishli. Egalari almashib ketdi, yangi rahbariyat esa bizga bu yerni ikki oy ichida boʻshatib qoʻyishimiz kerakligini, taʼmirlash ishlari boshlanishini aytdi (2020 yil fevral oyidagi vaziyat — tahr.). Oʻshanda biz, teatr aʼzolari jamoatchilikka murojaat qildik. Mazkur murojaatimiz nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun dunyoda katta rezonans keltirib chiqardi. Shu tariqa teatrni saqlab qolishga muvaffaq boʻldik.
Oʻz navbatida teatrimizni qoʻllab-quvvatlaganlari uchun Saida Shavkatovna Mirziyoyevaga minnatdorchilik bildirishdan aslo tortinmayman. Chunki oʻsha paytda u kishining ijtimoiy tarmoqlardagi “Biz “Ilhom”imizni xafa qildirib qoʻymaymiz” mazmunidagi qisqagina posti qanchalik muhim boʻlganini juda yaxshi tushunaman. Ularing bu koʻmaklari uchun benihoya minnatdorman. Aynan shundan keyin bizni “tinch” qoʻyishdi”, dedi Boris Gafurov.
Eslatib oʻtamiz, 2020 yil fevral oyida Shodlik Palace mehmonxonasi Ofelos Plaza kompaniyasi nomidan “Ilhom” teatridan aprel oyi oxiriga qadar binoni boʻshatishni talab qilgan edi. Teatr jamoasi bu holatni fojiali deb baholab, hukumat, tomoshabinlar, jurnalistlar, diplomatlar va xalqaro hamjamiyatga murojaat qilib, teatrni saqlab qolishga chaqirgan.
Oradan koʻp oʻtmay, Saida Mirziyoyeva mazkur vaziyat yuzasidan munosabat bildirib, teatrni qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qilgan edi.
“Ilhom” teatri bilan bogʻliq vaziyatga izoh bermoqchiman. Men oʻzim teatr sanʼati muxlisiman. Ushbu masala atrofida aytilayotgan tashvishli gap-soʻzlarni eshitib, sizni ishontirib aytamanki, biz teatrimizni hech kimga xafa qildirib qoʻymaymiz. “Ilhom” — madaniy hayotimizning faxri!”, deb yozgandi Saida Mirziyoyeva.
