“Turon” maktab teatri tanlovining hududiy bosqichlari boshlandi
Tanlovning respublika bosqichi gʻoliblari xorijga taʼlim sayohati yoʻllanmasini qoʻlga kiritadi.

“Turon” maktab teatri tanlovining tuman bosqichida faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan 208 ta maktab jamoasi 1-10 aprel kunlari boʻlib oʻtadigan hududiy bosqichlarda yana bir sinovdan oʻtishadi.
Andijon va Navoiy viloyatlarida oʻtkazilgan hududiy bosqich gʻoliblari respublika bosqichida ishtirok etadigan boʻldi. Bugun Fargʻona va Buxoro viloyatlari hududiy bosqichga mezbonlik qilishmoqda.
Hududiy bosqichlarning odilona va shaffof oʻtishini taʼminlash maqsadida har bir hududga Toshkent shahridan jami 13 nafar hakamlar hayʼati jalb qilingan. Jumladan, Lola Eltoyeva, Zuhra Ashurova, Gulchehra Nosirova, Aleksandr Bekjonov, Turgʻun Beknazarov, Shohida Ismoilova, Bahodir Nishonov, Mehridin Rahmatov, Munavvara Abdullayeva, Nodira Mahmudova, Rasulxon Qodirxonov, Barot Hasanov, Qahramon Madrimov singari aktyorlar bor.
Ushbu tanlovning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, barcha hududiy bosqichlar telekoʻrsatuv tarzida yozib olinadi.
Tanlovning hududiy bosqichida tengsiz deb topilgan maktab jamoalari iyun oyida Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritishadi.
Ushbu tanlovning respublika bosqichi gʻoliblari xorijga taʼlim sayohati yoʻllanmasini qoʻlga kiritadi.
Maʼlumot uchun, fevral oyida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika “Kelajak” markazi tomonidan anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan uch bosqichli bu yilgi mavsumiga start berilgan edi. Unda 85 100 ta jamoa (680 800 nafar oʻquvchi) ishtirok etish istagini bildirib, maxsus bot orqali roʻyxatdan oʻtishgan.
