Koʻrib chiqish muddati oʻtgan murojaatlar yuqori tashkilotlarga oʻtkaziladi
Virtual qabulxona axborot tizimida murojaatlar “shoshilinch”, “odatiy”, “maslahat talab qiluvchi” toifalariga ajratiladi.

Aholi bilan muloqot tizimi samarali tashkil qilinadi.
“Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–51-son, 01.04.2026 y.) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, 2026 yil 1 maydan:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasi axborot tizimiga kelib tushgan murojaatlar boʻyicha nazorat vaqti rejimi oʻrnatiladi, bunda koʻrib chiqilishi belgilangan muddatdan oʻtgan murojaatlar ijro uchun avtomatik yuqori turuvchi davlat organiga oʻtadi;
Virtual qabulxona axborot tizimida murojaatlarni qabul qilishda ular “shoshilinch”, “odatiy”, “maslahat talab qiluvchi” toifalariga ajratish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi, nazoratga qaytarilgan murojaatlar 3 ish kuni ichida yuqori turuvchi organlar tomonidan qayta oʻrganib chiqiladi;
- aholi murojaatlari bilan ishlash boʻyicha davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari hisobotlarini Qonunchilik palatasi va Senatda, hokimlar hamda hududiy davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari hisobotlarini esa tegishlicha Senatda yoki mahalliy kengashlarda har chorakda kamida 1 marta eshitib borish tartibi joriy qilinadi;
- davlat organlari va tashkilotlarining axborot xizmatlari Xalq qabulxonalari bilan hamkorlikda hududda murojaatlar bilan ishlash holatini yoritadi, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatlarning koʻrib chiqilishiga oid eʼtirozlarni oʻrganib boradi va bu ular faoliyatining samaradorligi koʻrsatkichlarida aks ettiriladi.
