Qarzdor vafot etgan yoki bedarak yoʻqolganda unga nisbatan ijro ishlari tugatiladi
Bu davlat ijrochisining qarori bilan amalga oshiriladi. Alimentdan qarzi borlarga ayrim turdagi moliya-kredit va davlat xizmatlaridan foydalanish cheklanishi mumkin.

Ayrim ijro ishlarini davlat ijrochisining qarori bilan tugatish amaliyoti joriy qilinadi.
“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini raqamlashtirish va samaradorligini oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni (PF–50-son, 30.03.2026 y.) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, ayrim toifadagi ijro hujjatlari boʻyicha qarzdor vafot etganda, u vafot etgan deb eʼlon qilinganda yoki bedarak yoʻqolgan deb topilganda unga nisbatan yuritilgan ijro ishlarini davlat ijrochisining qarori bilan tugatish amaliyoti joriy qilinadi.
Qonunda nazarda tutilgan ayrim toifadagi ijro hujjatlarini majburiy ijroga taqdim etilguniga qadar tegishli davlat organi, tashkilot yoki uning mansabdor shaxsiga topshirishni undiruvchining huquqi sifatida belgilash va ushbu ijro hujjatlari toifasiga undiruvni undiruvchi-yuridik shaxslar tomonidan qarzdor-jismoniy shaxsning ish haqi va boshqa daromadlariga qaratishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari kiritiladi.
2026 yil 1 maydan aliment toʻlovlarini undirish tizimi samaradorligini oshirish maqsadida aliment boʻyicha qarzdorlik mavjud boʻlganda qarzdorlik toʻliq bartaraf etilguniga qadar alohida yirik bitimlarni amalga oshirish, ayrim turdagi moliya-kredit va davlat xizmatlaridan foydalanishni cheklash tartibi joriy etiladi.
Muammoli kreditlar boʻyicha ijro hujjatlari asosida vujudga kelgan majburiyatlarni undirish bilan bogʻliq harakatlarni amalga oshirish ixtisoslashtirilgan davlat ijrochilariga yuklanadi.
