Oʻzbekistonda ilk bor suvsizlikka chidamli galofit bogʻlari tashkil etildi
Bu loyiha choʻllanishni kamaytirish uchun Xitoy tajribasi asosida Arnasoy, Qorakoʻl, Muborak, Karmana va Nukus tumanlarida amalga oshirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida koʻchat ekish tadbirida ishtirok etmoqda.
Oʻtgan yilda Xoʻjayli, Yangibozor, Gʻijduvon, Baliqchi va Ohangaron tumanlarida yiliga 5,5 million tup manzarali daraxt koʻchatlari yetishtirish imkonini beradigan zamonaviy koʻchatxonalar ishga tushirildi.
Bundan tashqari, choʻllanishni kamaytirish uchun Xitoy tajribasi asosida joriy yil ilk bor Arnasoy, Qorakoʻl, Muborak, Karmana va Nukus tumanlarida 50 gektar maydonda suvsizlikka chidamli galofit bogʻlari yaratildi.
Bu yerda yetishtirilgan galofit urugʻlari kelgusida minglab gektar yerlarda shoʻrlanishni kamaytirib, tuproq unumdorligini oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Umuman, oʻtgan qisqa davrda respublikada yashillik darajasi 8 foizdan 14,2 foizga oshdi.
“Ushbu xayrli ishlarimizga koʻpni koʻrgan nuroniylarimiz, shijoatli yoshlarimiz, tashabbuskor biznes vakillari, mehnat jamoalari, yuz minglab yurtdoshlarimiz munosib hissa qoʻshayotgani barchamizni quvontiradi”, – dedi Prezident.
