platina.uz
Jamiyat

"BMT Turizm" bosh kotibi Oʻzbekistondagi islohotlarni yuqori baholadi

Soʻnggi 8 yilda mamlakatga kelgan sayyohlar soni 6 barobar koʻpayib, qariyb 12 million nafarga yetdi. 2030 yilga qadar ularning sonini 20 millionga oshirish reja qilingan. 

"BMT Turizm" bosh kotibi Oʻzbekistondagi islohotlarni yuqori baholadi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 aprel kuni mamlakatimizda tashrif bilan boʻlib turgan “BMT Turizm” bosh kotibi Shayxa Nosir Al Novaysni qabul qildi.

Oʻzbekiston va BMTning ushbu ixtisoslashgan muassasasi oʻrtasidagi koʻp qirrali va uzoq muddatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Tashkilot rahbari Oʻzbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yuksak baholadi. Sayyohlik infratuzilmasini modernizatsiya qilish va xizmatlarni diversifikatsiya qilish boʻyicha izchil choralar amalga oshirilmoqda. Aviaqatnovlar geografiyasi kengaymoqda, yangi muzeylar tashkil etilmoqda, yirik madaniy tadbirlar muntazam oʻtkazilmoqda.

Soʻnggi 8 yilda yurtimizga kelgan sayyohlar soni 6 barobar koʻpayib, qariyb 12 million nafarga yetgani alohida qayd etildi. 2030 yilga qadar ularning sonini 20 millionga, turizmning mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotidagi ulushini esa 7 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Oʻzbekiston va “BMT Turizm” oʻrtasidagi hamkorlik jadal surʼatda rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan taʼkidlandi. 2023 yilda Samarqand shahrida Tashkilot Bosh Assambleyasi muvaffaqiyatli oʻtkazildi, Xalqaro turizm akademiyasi tashkil etildi, yaqinda esa “Ipak yoʻlida turizm” mavzusidagi ofisning ochilishi boʻlib oʻtadi.

Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 2027 yilni Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Suhbat chogʻida tomonlar sheriklikni yanada rivojlantirish, jumladan, sayyohlik sohasida xalqaro huquqiy bazani takomillashtirish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, ekspertlik va texnik hamkorlikni kengaytirish, turizm sohasi uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash niyatida ekanini qatʼiy tasdiqladilar.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid