Tramp Eron bilan 6 aprelgacha kelishuvga erishmoqchi
Avvalroq AQSh Eron elektr stansiyalariga rejalashtirilgan hujumlarni kechiktirgandi.

AQSh prezidenti Donald Tramp 6 aprelga qadar Tehron bilan kelishuvga erishishni maqsad qilgan. Bu haqda Oq Uy maʼlumot berdi.
"Prezident Truth Socialʼdagi postida 10 kun ichida kelishuvga erishishni istayotganini aytdi. Vaqt tugayapti. Bizda atigi bir necha kun qoldi. Qolgan vaqt ichida nima boʻlishini koʻramiz", dedi Oq uy matbuot kotibi Kerolin Levitt brifingda.
26 mart kuni Tramp Eron bilan muzokaralar yaxshi ketayotganini aytdi, shuning uchun AQSh Eron elektr stansiyalariga rejalashtirilgan hujumlarni 6 aprelga qadar kechiktirishga qaror qildi.
Avvalroq xusiylar Yaqin Sharqdagi urushga qoʻshilganini eʼlon qilgandi. Ular Eronni qoʻllab-quvvatlaydigan guruh sanaladi.
Yamandagi guruh tomonidan Isroil janubidagi harbiy nishonlarga ballistik raketalar uchirilgan.
