Soliq toʻlashini eshitib qoʻrqib ketgan “bechora” sanʼatkorlar
Ushbu maqolada ijtimoiy soha va artistlar soligʻi oʻrtasidagi adolat va tengsizlik, dunyo mamlakatlarida sanʼatorlar uchun qoʻllaniladigan soliqlar haqida soʻz yuritamiz.

Soʻnggi kunlarning eng shov-shuvli xabari sanʼatkorlarning soliqqa tortilishi va ularning bunga munosabati boʻlmoqda. Artistlarning toʻylardan tushgan daromadini soliqqa tortish masalasi kun tartibiga chiqdi hamki, ular oʻzlarini “bechora” koʻrsatish kampaniyasini boshlab yubordi. Buning ortida kim yoki nima turgani hozircha maʼlum emas.
Gap nimada?
2026 yil 1 sentabrdan 2029 yil 1 yanvargacha sanʼatkorlar (xonandalar, sozandalar, aktyorlar va boshlovchilar) uchun soliq tizimi joriy etiladi. Yaʼni bu soliqqa tortish muddati negadir 3 yilga ham bormaydi. Qolaversa, sanʼatkor toʻyga chiqsagina, keyin soliq toʻlaydi, toʻyga bormasa, soliq yoʻq.
Bu haqdagi prezident qarori loyihasi Adliya vazirligi tomonidan tayyorlanib, jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.
Yangi tartibga koʻra, sanʼatkorlar har bir koʻrsatgan xizmati (toʻy, konsert yoki boshqa tadbir) uchun alohida soliq toʻlashi kerak boʻladi.
Barcha xizmatlar Soliq mobil ilovasi orqali majburiy tarzda roʻyxatga olinadi. Toʻlov miqdori sanʼatkorning reytingi (suratda) va tadbir oʻtkaziladigan hududga bogʻliq boʻlib, bazaviy hisoblash miqdori(BHM)ning 0,25 baravaridan 3 baravarigacha etib belgilangan. Ijodkorlar yiliga kamida 1 BHM miqdorida ijtimoiy soliq toʻlasalar, ushbu yil ular uchun mehnat staji sifatida hisoblanadi.

Hozirgi kunda konsert-tomosha faoliyati bilan shugʻullanish uchun “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasidan litsenziya olish talab etiladi. Yangi loyihaga koʻra, litsenziya uchun davlat boji har ikki yilda bir marta undirilishi koʻzda tutilgan. Davlat tadbirlarida bepul xizmat koʻrsatish holatlarida ushbu chiqishlar uchun alohida soliq toʻlanmaydi.
Agar sanʼatkor mehnat shartnomasi asosida ishlasa (masalan, teatr yoki filarmoniyada), uning ish haqidan 12% daromad soligʻi ushlab qolinadi (el qatori). Litsenziya asosida mustaqil faoliyat yurituvchi sanʼatkorlar oʻz daromadlari toʻgʻrisida yillik deklaratsiya topshirishlari mumkin. Biroq 2026 yil 1 sentabrdan 2029 yilgacha boʻlgan oʻtish davrida “bir xizmat – bir toʻlov” tizimi asosiy mexanizm boʻlishi kutilmoqda.
Agar sanʼatkor xizmat koʻrsatish joyi va vaqtini ilovaga kiritmasa yoki toʻlovni amalga oshirmasa, bu soliq bazasini yashirish deb hisoblanadi. Bunday holatda shartnoma qiymatining 20 foizi miqdorida, lekin BHMning kamida 20 baravari miqdorida jarima belgilanishi mumkin.
Sanʼatkorlar nima deydi?
Aktyor va xonanda Samandar Hamroqulov ushbu xabarga darhol munosabat bildirib, oʻzidan “bechora”ni yoqib oldi. Uning aytishicha, sanʼatkorlarda toʻy va konsertdan boshqa daromad manbai yoʻq.
“Biz soliq toʻlashdan qochmaymiz, lekin sanʼatkorlarning daromad manbai faqat toʻy. Ular xarajat qiladi, falon ming dollarga klip oladi, qoʻshiq yozadi. Xalqda toʻy boʻlsagina, shu pulni qoplaydi yo qoplamaydi, qarz bilan ham chiqadi”, degan Hamroqulov.
Uning fikricha, fikru xayoli tirikchilik boʻlsa, ijod qilish imkonsiz. Bu borada shuncha yildan beri yaxshi gonorar ololmayotgan, ijodiga yarasha haq undirolmayotgan va bu tizimga chidab kelayotgan yozuvchi-shoirlarga toʻzim bersin.
Qoʻshiqchi Sharof Muqimovning pafos toʻla aytgan gaplari esa boshqa daraja. Unga koʻra, sanʼatkor boʻlish kasb emas, balki taqdir.
“Sahna ortidagi haqiqatni hamma ham bilmaydi. Sanʼat yaltiroq emas, bu uyqusiz tunlar, charchatuvchi xavfli yoʻllar va uzoq-uzoq safarlar, oiladan uzoqlik”, degan Muqimov.
Bu bilan xonanda boshqa kasb egalari oʻynab pul topayotganiga ishora qilgandek koʻringan. Masalan, uyqusiz tunlar chegarada Vatanni qoʻriqlayotgan askarda ham bor. Charchatuvchi xavfli yoʻllar necha kilometrdan qor va loy kechib piyoda qatnaydigan oʻqituvchida ham bor. Oiladan uzoqlik dam olish kunini bilmaydigan, yarim kechagacha (goho tonggacha) ishida qogʻozlarga koʻmilib oʻtiradigan millionlagan davlat xizmatchilarida ham bor. Ularning bari soliq toʻlaydi.
Boshlovchi Abduvosit Sarimsoqov esa Samandar Hamroqulovning gapiga ming foiz qoʻshilishini bildirgan. Uning aytishicha, yoʻllarda jarimaga tushib uni toʻlolmay yurgan, hatto taksilik qilayotgan sanʼatkorlar ham koʻp. Alohida taʼkidlashicha, sanʼatkorlar kasbi (Muqimov buni kasb demagandi) nuqtai nazaridan kostyum-shimda yuradi.
Bu bilan Sarimsoqov taksichilarni kamsitmoqchi boʻlganmi yoki koʻkka koʻtarmoqchimi, bu nomaʼlum. Shunisi aniqki, oʻsha boshlovchi tilga olgan taksichilar ham shu paytgacha gʻing demay soligʻini toʻlab, tirikchiligini oʻtkazyapti.
Ijtimoiy adolat va tengsizlik
Amaldagi tartibga koʻra, hozir ham sanʼatkorlar soliq toʻlashadi, lekin toʻlov tizimi boshqacha. Ular asosan litsenziya uchun pul toʻlaydi. Bu litsenziya ham oʻzlari uchun, yaʼni toʻy va konsert qoʻyishlariga imkon beradi.
Shuningdek, har oyda kamida bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida ijtimoiy soliq toʻlashadi. Bu ularga kelajakda pensiya olish va mehnat stajiga ega boʻlish huquqini beradi.
Amaldagi qonunchilikka koʻra, sanʼatkorlar har yili 1 aprelgacha oʻzlarining jami daromadlari toʻgʻrisida deklaratsiya topshirishlari va shu asosda daromad soligʻi toʻlashlari kerak. Buning uchun 2025-2026 yillar oʻtish davri deb eʼlon qilingan boʻlib, bu vaqt ichida sanʼatkorlarga jarimalarsiz oʻz deklaratsiyalarini toʻgʻrilab olish imkoni berilgan. Lekin ular bundan foydalanishmagan chogʻi.
Soliq organlarining maʼlumotlariga koʻra, koʻplab sanʼatkorlar oʻz daromadlarini toʻliq deklaratsiya qilmaydilar, yaʼni “soyadagi iqtisodiyot” xavfi ortgan. Yuqoridagi sanʼatkorlarning iddao qilishlaricha, ularning toʻy-tomoshadan boshqa daromad manbai yoʻq. Ammo reklamalarda suratga tushish, ijtimoiy tarmoqlardagi millionlab auditoriyali sahifalariga reklama olish orqali topayotgan pullari haqida negadir hech nima gapirmaganlar.
Hozir mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori salkam 1,3 mln soʻm. Yaʼni shu summadan past qiymatda oylik maosh toʻlash mumkin emas. Shu 100 dollar uchun ishlayotgan farroshlar hozirgacha nolimagan, holbuki ular ham shu oyligidan soliq toʻlaydi.
Aniqroq aytadigan boʻlsak, ijtimoiy tengsizlik bor va mazkur yangi siyosat ishga tushsa, tengsizlik maʼlum maʼnoda adolatga aylanadi. Yaʼni 100 dollarga oylab ishlayotgan farrosh ham, toʻy mavsumida (oʻzbek qishin-yozin toʻy qiladi) nechadir ming dollarlab pul topayotgan oʻsha sanʼatkorlar ham birdek soliq toʻlaydi.
Amerikada qanday?
AQShda aktyorlar va qoʻshiqchilar uchun soliq tizimi ularning ish maqomiga (shtatdagi xodim yoki mustaqil pudratchi/frilanser) qarab farq qiladi. Aksariyat sanʼatkorlar Self-employed (oʻzini-oʻzi band qilgan) hisoblanadi va ikki turdagi federal soliq toʻlaydi:
- daromad soligʻi (Income Tax): sof foydadan olinadi (stavkalar 10% dan 37% gacha);
- oʻzini-oʻzi band qilish soligʻi (Self-Employment Tax): stavkasi 15.3% ni tashkil etadi. Bu ijtimoiy taʼminot (Social Security) va tibbiy sugʻurta (Medicare) uchun toʻlovdir.
Shuningdek,sanʼatkorlar oʻz daromadlaridan kasbiy faoliyat bilan bogʻliq xarajatlarni ayirib tashlash (Tax Deductions) huquqiga ega. Bu soliq miqdorini sezilarli darajada kamaytiradi:
- agent va menejerlar komissiyasi: odatda daromadning 10-20% qismi;
- professional tayyorgarlik: aktyorlik mahorati darslari, vokal darslari va kouching;
- reklama va promoushn: xedshotlar (fotosuratlar), video-demolar, shaxsiy veb-sayt va biznes kartochkalar;
- sayohat xarajatlari: kastinglarga, suratga olish maydonchalariga yoki gastrollarga borish-kelish xarajatlari;
- maxsus kiyim va grim: faqat sahna yoki rol uchun ishlatiladigan (kundalik hayotda kiyib boʻlmaydigan) kiyimlar, grim va soch turmagi xarajatlari;
- ittifoq aʼzolik badallari: SAG-AFTRA yoki Actors' Equity kabi tashkilotlarga toʻlanadigan yillik toʻlovlar.
Agar yillik daromad $16,000 dan kam boʻlsa va kamida ikkita ish beruvchidan $200 dan ortiq maosh olgan boʻlsa, xarajatlarni standart chegirmadan tashqari alohida chegirib tashlash mumkin (Qualified Performing Artist (QPA). Hozir ushbu chegarani $100,000 gacha oshirish boʻyicha PATPA qonun loyihasi koʻrib chiqilmoqda.
Musiqachilar va qoʻshiqchilar yangi qonunga koʻra, AQShda yozilgan qoʻshiq yoki albom (HITS Act) uchun ketgan xarajatlarni (studiya ijarasi, sessiya musiqachilari toʻlovi) oʻsha yilning oʻzida toʻliq chegirib tashlashlari mumkin (yiliga $150,000 gacha).
Yevropada qanday?
Yevropa davlatlarida aktyorlar va qoʻshiqchilar uchun soliq tizimi AQShnikidan farq qiladi va asosan ikkita yoʻnalishga boʻlinadi: rezidentlar (oʻsha davlatda yashovchilar) va xorijlik ijodkorlar (gastrolchilar) uchun soliqlar.
Agar siz Yevropa davlatida rezidenti boʻlmasangiz, lekin u yerda konsert bersangiz yoki suratga tushsangiz, daromadingizdan avtomatik ravishda soliq ushlab qolinadi (Withholding Tax).
Germaniya
Xorijlik sanʼatkorlar uchun soliq stavkasi 15% ni tashkil etadi (qoʻshimcha ravishda 5.5% “solidarlik soligʻi” ham boʻlishi mumkin). Agar xarajatlarni chegirib tashlashni istasangiz, stavka 30% gacha chiqishi mumkin, lekin bu faqat sof foydadan olinadi.
Ispaniya
Yevropa Ittifoqi rezidenti boʻlmaganlar uchun stavka 24%. Agar xarajatlaringiz daromadning 40% dan koʻpligini isbotlay olmasangiz, butun summadan soliq olinadi.
Istisnolar
Daniya, Irlandiya vaNiderlandiya kabi davlatlar qisqa muddatli tashrif buyurgan xorijlik sanʼatkorlardan ushlab qolinadigan soliqni umuman olmaydi.
Rezident sanʼatkorlar uchun imtiyozlar
Yevropaning koʻplab davlatlarida ijodkorlar uchun maxsus imtiyozli rejimlar mavjud. Masalan, Maltada sanʼatkorlar uchun maxsus pasaytirilgan stavka – 7.5% (50,000 yevrogacha boʻlgan daromad uchun) amal qiladi.
Fransiya va Germaniyada “Ijtimoiy sugʻurta kassalari” (masalan, Germaniyada KSK) mavjud. Bu tizimda sanʼatkor sugʻurta badalining faqat yarmini toʻlaydi, qolgan yarmini davlat va ijodkorning xizmatidan foydalanuvchi kompaniyalar (buyurtmachilar) toʻlab beradi.
Ispaniyada esa ijodiy faoliyatdan tushgan “notekis” daromadlar (masalan, 2 yil davomida tayyorlangan albom sotuvi) uchun 30% lik soliq chegirmasi beriladi.
Yevropada ham (AQSh kabi) kasbiy xarajatlarni soliqdan chegirib tashlash mumkin (Deductions). Masalan:
- grim, paraklar, sahna kiyimlari va cholgʻu asboblarini ijaraga olish;
- agentlar komissiyasi, studiya ijarasi, xoreograflar va vokal oʻqituvchilari toʻlovlari;
- shaxsiy veb-sayt, promo-roliklar va portfolio yaratish xarajatlari.
Sanʼatkorlar maʼlum bir daromad chegarasidan oʻtgandan keyin QQS toʻlovchisi sifatida roʻyxatdan oʻtishlari kerak. Koʻplab Yevropa davlatlarida madaniy xizmatlar va chiptalar uchun pasaytirilgan QQS stavkalari qoʻllaniladi.
Xulosa
Koʻrib turganingizdek, butun dunyoda sanʼatkorlar soliq toʻlaydi. Eng qizigʻi, ular buni sanʼat darajasiga koʻtarishadi, soliq toʻlash madaniyatini targʻib qilishadi. Oʻz daromadlarini ochiqlash orqali aholining barcha qatlam vakillari bilan teng ekanini isbotlashdan uyalmaydilar.
Biz hali toʻylarda qistiriladigan dollarlar, reklamalardan tushadigan pullar va boshqa daromadlar haqida yozmadik. Ijtimoiy tarmoqda nolib chiqqan sanʼatkorlarning asosiy daromad manbai shulardan iborat. Masalan, YouTube orqali topayotgan puli uchun Amerikaga ham soliq toʻlaydilar, ammo bundan nolib chiqishganini koʻrmaganmiz.
Ularning iddaosiga koʻra, oʻsha “zoʻrgʻa” yashayotgan sanʼatkorlarning ham oʻz tillari bor. Negadir ular sukut saqlamoqda. Balki soliq toʻlamaylik, deyishdan uyalayotgandir.
Bobur Jalolov,
Platina.uz bosh muharriri
