platina.uz
Siyosat

Prezident Qozogʻiston TIV rahbarini qabul qildi

Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi yaqin doʻstlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari muhokama etildi. 

Prezident Qozogʻiston TIV rahbarini qabul qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 mart kuni mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelgan Qozogʻiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Yermek Kosherbayevni qabul qildi.

Suhbat avvalida yuqori martabali mehmon davlat rahbariga Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi yaqin doʻstlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Parlamentlar, hukumatlar, hududlar va ishbilarmon doiralar darajasida amalga oshirilayotgan faol hamkorlik munosabatlari katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Taʼkidlanganidek, qoʻshma Hukumatlararo komissiya samarali faoliyat yuritmoqda. Tovar ayirboshlash hajmi barqaror oʻsib bormoqda, sanoat, energetika, transport, ekologiya va suvdan foydalanish sohalarida kooperatsiya aloqalari izchil kengaymoqda.

Uchrashuv chogʻida iqtisodiy loyihalarni jadallashtirish, nodir metallar sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, sayyohlik oqimini yanada koʻpaytirish, gumanitar almashinuv dasturlarini, shu jumladan, kosmos va kreativ iqtisodiyot sohalarida tobora kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Boʻlajak ikki va koʻp tomonlama tadbirlar kun tartibini puxta tayyorlash muhimligi taʼkidlandi. Xalqaro va mintaqaviy siyosat masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid