platina.uz
Jamiyat

1 apreldan Oʻzbekistonda qanday oʻzgarishlar kuchga kiradi?

Davlat tibbiyot muassasalarining ish vaqti rejimi 5 kunlik ish haftasiga oʻtkaziladi. Qator xizmatlar uchun toʻlovlarda naqd puldan foydalanish cheklanadi. 

1 apreldan Oʻzbekistonda qanday oʻzgarishlar kuchga kiradi?

2026 yil 1 apreldan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy oʻzgarishlar sharhi taqdim etildi.

Jumladan, loyihaoldi hujjatlarni ishlab chiqish uchun texnik topshiriqlarni kompleks ekspertizadan oʻtkazish amaliyoti bekor qilinadi.

Biologik faol qoʻshimcha va kosmetika vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun olib kelinadigan, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmaydigan tovarlar bojxona bojlaridan ozod qilinadi.

Chet el fuqarolari tomonidan Oʻzbekiston hududidan chiqib ketishda avval xarid qilingan tovarlar uchun toʻlangan QQS summasini qaytarish ularning xohishiga koʻra naqd pul shaklida amalga oshirilishi mumkin.

Respublikaning barcha xalqaro aeroportlarida chet el fuqarolariga QQSni qaytarish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

"Tax free" tizimi tatbiq etiladigan tovarlarning chegaralangan roʻyxati (bundan oziq-ovqat mahsulotlari mustasno) bekor qilinadi.

Muvofiqlikni baholash sohasida tadbirkorlik subʼektlariga quyidagi yengilliklar joriy etiladi:

– akkreditatsiya sohasida koʻrsatilgan pullik xizmatlar tushumidan ajratmalar 2,5 barobarga kamaytiriladi;

– tadbirkorlik subʼektlari tomonidan ikki va undan ortiq akkreditatsiyadan oʻtgan holda muvofiqlikni baholash xizmatlari yoʻlga qoʻyilgan sohada davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ushbu sohada sinov laboratoriyalari va sertifikatlash organlari tashkil etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;

Davlat organlari, tashkilotlari va davlat ishtirokidagi korxonalar oʻz sohasidagi yechim talab qilayotgan muammo va masalalar boʻyicha:

– kraudsorsing elektron platformasida eʼlon joylashtirib, tanlov tashkil qiladi;

– har oyda startap tashabbuskorlari bilan uchrashuvlar ("Startap kuni") oʻtkazadi.

Quyidagilar uchun toʻlovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron toʻlov tizimlari orqali amalga oshiriladi:

– davlat organlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar;

– elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvidan foydalanganlik uchun toʻlovlar (bundan bank kassalari orqali amalga oshiriladigan toʻlovlar mustasno);

– transport vositalariga yoqilgʻi quyish shoxobchalari orqali aholiga neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektrda harakatlanadigan transport vositalarini zaryadlash boʻyicha xizmatlar;

– koʻchmas mulk obʼektlari, ishlab chiqarilganiga oʻn yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transport vositalari hamda maxsus avtotransport vositalarini sotish va sotib olish.

Quyidagilar kuchga kiradi:

Koʻchmas mulk va transport vositalarining oldi-sotdi shartnomalari boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun notariuslar va banklar oʻrtasida elektron maʼlumotlar almashish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;

Notariuslikka talabgorlar uchun yagona tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;

Olis (chekka) va notarius lavozimiga talab yuqori boʻlmagan hudud (notarial okrug)larda davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga talabgorlarni Oliy malaka komissiyasi tomonidan suhbat asosida tayinlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom;

Notariuslikka talabgorlar uchun Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida majburiy oʻquv kurslarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.

Maktabgacha taʼlim qamrovi 80%dan past boʻlgan tuman (shahar)lardagi (Toshkent shahri bundan mustasno) tadbirkorlik subʼektlariga maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining boʻsh yer maydonlarida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etishga ruxsat beriladi.

Byudjet buyurtmachilarining davlat xaridlari doirasida chet ellik yetkazib beruvchilar bilan bir qatorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirok etganda ularga nisbatan taklif etilgan eng past import tovarlarining narxidan quyidagi miqdorlarda narx preferensiyasi beriladi:

– uchta va undan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 15%;

– ikkita mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 12%;

Oʻzbek tilini bilish darajasi toʻgʻrisida kamida V1 darajadagi malaka sertifikatiga ega chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston fuqaroligiga qabul qilishda davlat tilini bilish darajasini aniqlash imtihonidan ozod etiladi.

Oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxt bilan qoplangan aholi punktlarining (shaharlar, posyolkalar va qishloq aholi punktlari) yer maydonlarini olib qoʻyish va boshqa maqsadlar uchun ajratishga jamoatchilik tomonidan taqiq qoʻyish boʻyicha tashabbus kiritish imkoni yaratiladi.

Davlat tibbiyot muassasalarining ish vaqti rejimi 5 kunlik ish haftasiga oʻtkaziladi.

Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimlari orqali qayd etilgan tegishli yoʻl harakati qoidabuzarliklari uchun ham jarima ballari hisoblanadi.

Jarima ballarini transport vositasining mulkdori va mazkur transport vositasidan foydalanuvchi boshqa haydovchilarga taqsimlash tartibi joriy etiladi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid