Toshkentda yangi sanoat zonalarini tashkil qilishga muddatsiz moratoriy joriy etiladi
2026 yil 1 iyundan qurilish obʼektlarida ayrim ekologik talablarni joriy qilish majburiyatlari kiritiladi.

1 apreldan Toshkentda yangi sanoat zonalarini tashkil qilishga muddatsiz moratoriy joriy etiladi
“Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–46-son, 25.03.2026 y.) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, quyidagilar 2026–2030 yillarda atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasining asosiy maqsadlari etib belgilandi, jumladan:
- atmosferaga chiqarib tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdorini 10,5 foizga kamaytirish;
- atrof-muhitga taʼsiri boʻyicha I va II toifaga kiruvchi korxonalarda avtomatik monitoring stansiyalari va chang-gaz tozalash uskunalari oʻrnatilishini taʼminlash.
- PM2,5 boʻyicha milliy meʼyorlardan oshish kuzatilgan kunlar sonini kamaytirish.
Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha maxsus komissiya faoliyati 2027 yil 1 martgacha uzaytiriladi.
Komissiyaning nomi Ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha respublika maxsus komissiyasiga oʻzgartiriladi.
2026 yil 1 apreldan Toshkent shahrida yangi sanoat zonalarini tashkil qilishga muddatsiz moratoriy joriy qilinadi.
2026 yil 1 iyundan:
- qurilish obʼektlarida quyidagi ekologik talablarni joriy qilish majburiyatlari kiritiladi:
- qurilish obʼektlarini fon monitoring stansiyalari bilan jihozlash va Ekologiya qoʻmitasining yagona geoaxborot maʼlumotlar bazasiga integratsiya qilish;
- onlayn nazorat qilish uchun qurilish maydoni boʻylab va chiqish nuqtalarida onlayn kameralar oʻrnatish va Ekologiya qoʻmitasining yagona geoaxborot maʼlumotlar bazasiga integratsiya qilish;
- huquqbuzarlik sodir etgan qurilish tashkilotlarining “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi reyting ballarini kamaytirish amaliyotini joriy qilish;
- qurilish obʼektlari boʻyicha loyiha-smeta va shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazishda majburiy ravishda ekologik ekspertiza xulosasini taqdim etish tartibi joriy qilinadi;
- yangi quriladigan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 metr kvadratdan ortiq boʻlgan bino va inshootlarni loyihalashtirishda ularga tutash hududlarning koʻkalamzorlashtirish maydonlari loyiha uchun ajratiladigan yer uchastkalari umumiy maydonining 30 foizidan kam boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
