Prezidentga jahon bozoridagi beqaror vaziyatning Oʻzbekistonga taʼsirini kamaytirish boʻyicha axborot berildi
Eksportchilar tomonidan koʻtarilayotgan asosiy masalalardan biri transport-logistika ekani, jahonda roʻy berayotgan voqealar taʼsirida eksport yuk tashishlarida uzilishlar va qimmatlashuv jiddiy xavotir uygʻotayotgani taʼkidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevga 2026-yilning birinchi choragida iqtisodiy koʻrsatkichlar prognozini taʼminlash hamda jahon bozoridagi beqaror vaziyatning milliy iqtisodiyotga salbiy taʼsirini kamaytirish yuzasidan axborot berildi.
Joriy yilning birinchi ikki oyida sanoat 7,7 foizga, xizmatlar 15,4 foizga oʻsdi, 3,5 milliard dollarlik eksport amalga oshirildi va 8,3 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilindi.
Yil boshidan 9 ta viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga respublika byudjetidan qoʻshimcha 2,3 trillion soʻm va 500 million dollar mablagʻ yoʻnaltirildi. “Yangi Oʻzbekiston qiyofasi” maqomi berilgan 33 ta tuman va 330 ta mahalla uchun mahalliy byudjetlarga 3,9 trillion soʻm ajratildi. Ogʻir toifadagi 37 ta tuman va 903 ta mahallaga jami 3,9 trillion soʻm hamda mahalliy byudjetlardan 1,3 trillion soʻm, 283 ta “drayver” loyihalarga birinchi bosqichda 1 trillion soʻm ajratildi.
Yil yakuniga qadar gavjum koʻchalar, sohilboʻyi va yoʻlboʻyi infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun jami 1,2 trillion soʻm, turizm salohiyati yuqori boʻlgan 150 ta mahalla infratuzilmasini yaxshilash uchun 450 milliard soʻm, 400 ta mahallada 50 ta mikrosanoat markazlarini tashkil qilish uchun 150 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi.
Shu bilan birga, qisqa vaqt ichida dunyodagi vaziyat keskin oʻzgarib, iqtisodiyot tarmoqlari barqarorligi, tashqi savdo yoʻlaklari va import narxlariga qoʻshimcha bosim yuzaga keltirayotgani taʼkidlandi. Bunday sharoitda har bir tarmoq va hudud rahbari vaziyatni oldindan baholab, turli ssenariylar asosida proaktiv ishlashi zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Inflyatsiyani joriy yilda 6-6,5 foiz doirasida saqlab qolish eng muhim vazifalardan biri ekaniga alohida eʼtibor qaratildi.
Xususan, jahon bozorida neft narxining keskin qimmatlashi transport va neft-kimyo mahsulotlari tannarxiga taʼsir koʻrsatayotgani, polietilen va polipropilen narxlarida ham oʻsish kuzatilayotgani aytildi. Shu bois, asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining importi, transport-logistika masalalari va muqobil yoʻlaklardan foydalanish boʻyicha tezkor choralar koʻrish vazifasi qoʻyildi.
Eksportchilar tomonidan koʻtarilayotgan asosiy masalalardan biri transport-logistika ekani, jahonda roʻy berayotgan voqealar taʼsirida eksport yuk tashishlarida uzilishlar va qimmatlashuv jiddiy xavotir uygʻotayotgani taʼkidlandi.
Shu munosabat bilan qoʻshni davlatlar bilan transport va savdo masalalari boʻyicha yaqin hamkorlikni kuchaytirish, oziq-ovqat mahsulotlarini aviatashuv orqali eksport qilish va tadbirkorlar uchun arzonlashtirilgan tariflarni joriy etish choralarini koʻrish topshirildi.
Xorijiy investitsiyalar masalasi ham atroflicha koʻrib chiqildi. Tahlikali xalqaro vaziyat ayrim loyihalar ijrosiga taʼsir koʻrsatishi mumkinligi bildirildi. Shu munosabat bilan amalga oshirilayotgan har bir loyihani muntazam tahlil qilib borish va investorlar bilan kunlik muloqot oʻrnatish vazifasi belgilandi.
Bank-moliya sohasida biznesni qoʻllab-quvvatlash uchun ajratilayotgan kreditlar dinamikasi ham koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbari joriy raqamlar ijobiy boʻlishiga qaramasdan, hech bir rahbar xotirjamlikka berilishi mumkin emasligini taʼkidladi. Hozirgi murakkab vaziyatda xavf-xatarlarni oldindan koʻra bilish, ularni yumshatish boʻyicha aniq rejalar bilan ishlash, tarmoqlar va hududlarda muammolarni kutib oʻtirmasdan, ularga tezkor yechim topish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Masʼullarga inflyatsiyani jilovlash, sanoat va eksport koʻrsatkichlarini taʼminlash, investitsiya loyihalarini jadallashtirish, bank tizimi va qurilish dasturlaridagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
