Ijtimoiy sohada boshqaruv samaradorligini oshirishning zamonaviy modeli ishlab chiqiladi
33 ta tuman (shahar) hokimlarining ijtimoiy sohada faoliyat yuritayotgan oʻrinbosarlari va soha mutaxassislari uchun tashkil etilgan 5 kunlik dastur yakunlandi.

Ijtimoiy sohada boshqaruv samaradorligini oshirishning zamonaviy va samarali modeli ishlab chiqiladi.
"Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)" maqomidagi 33 ta tuman (shahar) hokimlarining ijtimoiy sohada faoliyat yuritayotgan oʻrinbosarlari va soha mutaxassislari uchun tashkil etilgan 5 kunlik dastur yakunlandi.
Oʻquv dasturi davlatimiz rahbarining “Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi va xorijiy mutaxassislar hamkorligida tashkil etildi.
Oʻquv jarayonida quyidagi muhim jihatlarga alohida urgʻu berildi:
-Yangi oʻsish nuqtalari va ishga solinmagan zaxiralarni aniqlash, ijtimoiy sohani hududning drayver yoʻnalishlari qatoriga qoʻshish (buning uchun xorijiy ilgʻor tajribalar asosida mutlaqo yangi boshqaruv modelini ishlab chiqish);
-Oʻzlashtirilgan zamonaviy bilim va koʻnikmalarni bevosita amaliyotga tatbiq etish orqali hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash;
-Davlat xizmati va xususiy sektor oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish;
-Tumanlarning oʻziga xos rivojlanish modellari va muvaffaqiyatli boshqaruv tajribalarini ommalashtirish.

Oʻquv dasturi doirasida ijtimoiy infratuzilmani “master-reja”lar asosida rivojlantirish, boshqaruvga raqamli yechimlarni tatbiq etish hamda rahbarlarning shaxsiy javobgarligini oshirish masalalari boʻyicha xalqaro modellar ham tahlil qilindi.
Shuningdek, nazariy bilimlar amaliyot bilan uygʻunlashtirildi. Ishtirokchilar mamlakatimizdagi yirik loyihalar — Olimpiya shaharchasi, Milliy tibbiyot markazi, "Yangi Oʻzbekiston" universiteti, Islom sivilizatsiyasi markazi va “IT Park Uzbekistan ” misolida zamonaviy boshqaruv yondashuvlarini bevosita joyiga chiqib, ular bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻlishdi.
Tinglovchilarning fikricha, mazkur dastur hududlarning yangi “oʻsish nuqtalari”ni maqsadli aniqlash va natijaga yoʻnaltirilgan boshqaruv modelini joriy etishda muhim poydevor boʻlib xizmat qiladi.

Dastur yakunida ishtirokchilarga Sertifikatlar topshirilib, oʻrganilgan zamonaviy modellarni hududlarda samarali tatbiq etish boʻyicha aniq metodik tavsiyalar berildi.
