Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi bilan muloqot oʻtkazdi
Yaqin Sharq mintaqasida kechayotgan keskin vaziyat, qarama-qarshiliklar tobora avj olayotgani tomonlarni jiddiy xavotirga solayotgani qayd etildi.

29 mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi, Vazirlar Mahkamasi Raisi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.
Suhbat avvalida ikki mamlakat yetakchilari bir-birlarini oʻtgan Ramazon hayiti – Iyd al-Fitr munosabati bilan yana bir bor samimiy qutladilar.
Yaqin Sharq mintaqasida kechayotgan keskin vaziyat, qarama-qarshiliklar tobora avj olayotgani tomonlarni jiddiy xavotirga solayotgani qayd etildi.
Bunday xatti-harakatlarning kengayib ketishiga yoʻl qoʻymaslik va ularni toʻliq bartaraf etish nafaqat bu yerdagi davlatlarning manfaatlariga, balki global barqarorlikni taʼminlash maqsadlariga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Davlatimiz yetakchisi bunday sinovli kunlarda Oʻzbekiston Saudiya Arabistoni Rahbariyati va birodar xalqi bilan birdam hamda yakdil ekanini qayd etib, Podshohlikning vazmin va oqilona siyosatini har tomonlama qoʻllashini bildirdi.
Oʻzbekiston Prezidenti hozirda ushbu mamlakatda Umra amallarini bajarayotgan fuqarolarimizga koʻrsatilayotgan amaliy koʻmak va yaratib berilayotgan qulay shart-sharoitlar uchun Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud Aʼlo Hazratlari va Valiahd shahzodaga alohida minnatdorlik izhor etdi.
Oʻz navbatida, Muhammad bin Salmon Ol Saud Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan bildirilgan samimiy xayrixohlik va doʻstona qoʻllab-quvvatlovni yuksak qadrlashini maʼlum qildi. Ikki va koʻp tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga koʻtarish uchun oliy darajadagi muloqotlarni va muvofiqlashtirilgan qoʻshma saʼy-harakatlarni faollashtirishga kelishib olindi.
