platina.uz
Jamiyat

Shvetsiya parlamentida Oʻzbekistondagi diniy bagʻrikenglik va "Mehr" operatsiyasi tajribasi yuqori baholandi

Maxsus operatsiya orqali nizoli hududlardan qaytarilgan fuqaro oʻz chiqishida Oʻzbekistonda adashgan shaxslarga nisbatan qoʻllanilayotgan kechirimlilik va jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish siyosatining amaliy mohiyatini ochib berdi. 

Shvetsiya parlamentida Oʻzbekistondagi diniy bagʻrikenglik va "Mehr" operatsiyasi tajribasi yuqori baholandi

Joriy yilning 24­-25 mart kunlari Shvetsiya parlamenti — Riksdagda “Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglik, ekstremizmga qarshi kurash va terrorchi guruhlarning sobiq aʼzolarini reintegratsiya qilish tajribasi” mavzusida xalqaro seminar boʻlib oʻtdi. Bu haqda “Dunyo” agentligi xabar berdi.

Mazkur nufuzli tadbirda ishtirok etish uchun Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Davronbek Maxsudov, Yahudiylar diniy jamoasi raisi Arkadiy Icaxarov, Nemis lyuteran cherkovi raisi Lyudmila Shmidt, Oliy Majlis deputati Dilorom Fayziyeva hamda taniqli dinshunos ekspertlardan iborat delegatsiya Stokgolmga tashrif buyurdi.

Seminarda Riksdag deputatlari, Shvetsiya hukumati aʼzolari, siyosiy va ekspert doiralari, huquqni muhofaza qilish idoralari, diniy jamoalar va OAV vakillari, Stokgolmda akkreditatsiyadan oʻtgan xorijiy davlatlar elchilari — jami 120 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi.

Delegatsiyamiz aʼzolari tomonidan Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda diniy sohada amalga oshirilayotgan tub islohotlar, vijdon erkinligi va bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi tizimli chora-tadbirlarning samarali natijalari taqdimot qilindi. Jumladan, “Mehr” operatsiyasi orqali nizoli hududlardan qaytarilgan D.N oʻz chiqishida yurtimizda adashgan shaxslarga nisbatan qoʻllanilayotgan kechirimlilik va jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish siyosatining amaliy mohiyatini ochib bergani ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Shvetsiya rasmiylari va xalqaro ekspertlar Oʻzbekiston tajribasini yuqori baholadi. Riksdagning “Shvetsiya – Markaziy Osiyo” doʻstlik guruhi rahbari, taniqli siyosatchi Byorn Syoder Oʻzbekistonning ekstremizmga qarshi kurashdagi ilgʻor tajribasini oʻrganish ikki davlat manfaatlariga mos ekanini taʼkidladi.

Shvetsiya TIVning dinlararo muloqot boʻyicha maxsus vakili, elchi Kristian Kamil oʻz nutqida “Mehr” operatsiyalarini radikallashuv ildiziga berilgan kuchli zarba deb atab, Oʻzbekiston tajribasi dinlararo muloqot xavfsizlikning eng mustahkam poydevori ekanini isbotlaganini qayd etdi.

Shvetsiya xavfsizlik va taraqqiyot siyosati instituti direktori, siyosatshunos Svante Kornell Oʻzbekistonning musulmon dunyosi tarixidagi oʻrni va Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ochilgan Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyatiga toʻxtalib, radikallashuvga qarshi maʼnaviy va ijtimoiy usullar bilan kurashish samaradorligini alohida eʼtirof etdi.

Seminar yakunida tomonlar bu kabi ochiq muloqotlar Oʻzbekiston va Shvetsiya oʻrtasidagi oʻzaro ishonchni mustahkamlash hamda uzoq muddatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam boʻlishini yakdillik bilan taʼkidladi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid