Sport sohasida tashabbuslar boʻyicha yangi jamgʻarma tashkil etiladi
Futbol klublari xarajatlarining kamida 20 foizi miqdorida homiylik mablagʻi kiritgan tadbirkor yoki tadbirkorlar guruhiga klubni ishonchli boshqaruvga berish amaliyoti joriy etiladi.

Sport sohasida tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etiladi.
“Sport sohasini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish va sohaga tadbirkorlik subʼektlarini jalb qilishni kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–107-son, 24.03.2026 y.) qabul qilindi.
Quyidagilar mazkur qarorning asosiy maqsadlari etib belgilandi, jumladan:
- sport sohasini moliyalashtirishning zamonaviy mexanizmlari va muqobil moliyalashtirish manbalarini joriy etish;
- sport sohasiga ajratilayotgan mablagʻlar yoʻnaltirilishini markazlashtirish, byudjet mablagʻlari hajmini kengaytirish hamda ularning samaradorligini oshirish.
Qarorga koʻra, Sport vazirligi huzurida Sport sohasida tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (Jamgʻarma) tashkil etiladi.
2026 yil 1 apreldan:
- sport federatsiya (uyushma)si faoliyati bilan bogʻliq yillik barcha xarajatlarning kamida 20 foizi miqdorida homiylik mablagʻi kiritgan tadbirkorni sport federatsiya (uyushma)larining ijro organlariga kiritish yoʻlga qoʻyiladi;
- professional futbol klublari faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan yillik barcha xarajatlarning kamida 20 foizi miqdorida homiylik mablagʻi kiritgan tadbirkor yoki tadbirkorlar guruhiga professional futbol klubini ishonchli boshqaruvga berish amaliyoti joriy etiladi.
2026 yil 1 apreldan 2029 yil 1 aprelga qadar boʻlgan davrda Superliga va Proligada ishtirok etuvchi futbol klublari futbolchilari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini toʻlashdan ozod qilinadi hamda ular uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi.
