"Media haftalik”: Oʻzbekistonda yilning eng yirik media loyihasi boshlanadi
Kontent markazi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda yoʻlga qoʻyilayotgan mazkur loyiha butun respublikadan qariyb 12,5 ming ishtirokchini qamrab oladi va joriy yilning 30 martidan 26 iyuniga qadar davom etadi.

"Media haftalik”: mamlakatimizda yilning eng yirik media loyihasi start olmoqda.
Global axborot makonidagi shiddatli oʻzgarishlar, ijtimoiy tarmoqlar va sunʼiy intellektning rivojlanishi, feyk xabarlar oqimi media sohasi vakillaridan mutlaqo yangicha yondashuvlarni talab etmoqda. Shu maqsadda respublikamizda yilning eng yirik va muhim taʼlimiy-amaliy loyihasi — jurnalistlar, blogerlar va matbuot kotiblarini yagona platformada birlashtiruvchi “Media haftalik” oʻz ishini boshladi.
Kontent markazi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda yoʻlga qoʻyilayotgan mazkur loyiha butun respublikadan qariyb 12,5 ming ishtirokchini qamrab oladi. Joriy yilning 30 martidan 26 iyuniga qadar har bir hududda 5 kunlik intensiv oʻquv-seminarlar va mahorat darslari oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Dasturda nazariya va amaliyot birlashadi: asosiy urgʻu haqiqiy tajriba orttirishga qaratiladi. Mamlakatimizning eng yetakchi media-ekspertlari, muharrir va prodyuserlari ishtirokida kontent yaratish, faktcheking, raqamli gigiyena, CMM va strategik kommunikatsiyalar kabi muhim mavzular boʻyicha treninglar olib boriladi.
Mashgʻulotlar telejurnalistlar, bosma nashrlar, blogerlar va davlat idoralari matbuot kotiblari uchun alohida yoʻnalishlarda oʻtkaziladi. Bilimlarini oshirgan ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshiriladi.
Oʻzbekiston boʻylab harakatlanuvchi mazkur media-estafetaning ilk bosqichi 30 mart kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasida boshlanadi. Darslar davomida ishtirokchilar real keyslar asosida ishlash, xatolarni tahlil qilish, yangi yondashuvlarni shakllantirish imkoniyatiga ega boʻladi. Spikerlar oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashib, zamonaviy media rivojining ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha tavsiyalar beradi.
Haftalik yakunida hududdagi soha vakillarini qamrab oluvchi yirik Media forum tashkil etiladi.
Loyihada ishtirok etish istagida boʻlgan nomzodlar Yoshlar ishlari agentligining hududiy boshqarma va boʻlimlariga murojaat qilishlari mumkin.
Media haftalik quyidagi sanalarda hududlar kesimida tashkil etiladi:
- 30 mart – 03 aprel: Qoraqalpogʻiston Respublikasida;
- 6 aprel– 10 aprel: Xorazm viloyatida;
- 13 aprel – 17 aprel: Surxondaryo viloyatida;
- 20 aprel – 24 aprel: Qashqadaryo viloyatida;
- 27 aprel – 1 may: Samarqand viloyatida;
- 4 may – 8 may: Navoiy viloyatida;
- 11 may – 15 may: Buxoro viloyatida;
- 18 may – 22 may: Fargʻona viloyatida;
- 25 may – 29 may: Namangan viloyatida;
- 1 iyun – 5 iyun: Andijon viloyatida;
- 8 iyun – 12 iyun: Jizzax viloyatida;
- 15 iyun – 19 iyun: Sirdaryo viloyatida;
- 22 iyun – 26 iyun: Toshkent viloyati va Toshkent shahrida.
