Ilhom Saparov Jarqoʻrgʻon tumani hokimi etib tayinlandi
Avval mazkur lavozimni Elmurod Avazov egallab turgandi.

Jarqoʻrgʻon tumaniga yangi hokim tayinlandi.
Bugun Xalq deputatlari Jarqoʻrgʻon tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi. Sessiyada Jarqoʻrgʻon tumani hokimi vazifasida ishlab kelgan Elmurod Avazov egallab turgan lavozimidan ozod etilgani maʼlum qilindi.
Viloyat rahbari tomonidan Jarqoʻrgʻon tumani hokimi lavozimiga Saparov Ilhom Ochilovich nomzodi taklif etildi. Mazkur nomzod Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari tomonidan maʼqullandi.
Maʼlumot uchun, Ilhom Saparov 1975 yilda Termiz tumanida tugʻilgan. 2002 yilda Termiz davlat universitetining bakalavriat, 2011 yilda magistratura bosqichini tamomlagan.
Mehnat faoliyati davomida Surxondaryo viloyati Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi, Xalq taʼlimi hamda Madaniyat boshqarmalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan. Tayinlovga qadar esa Surxondaryo viloyati hokimining oʻrinbosari lavozimida ishlagan.
