Uch hududda noqonuniy oltin savdosi fosh etildi
Qirgʻiz Respublikasidan "Doʻstlik" xalqaro nazorat oʻtkazish punkti orqali kirib kelgan fuqarodan 400 mln soʻmlik tilla topilgan.

Uch hududda noqonuniy oltin savdosi bilan bogʻliq holatlar aniqlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda Shofirkon tumanida yashovchi, 2001 va 2005 yillarda tugʻilgan 2 nafar fuqaro sof ogʻirligi 110 gr boʻlgan nostandart shakldagi oltin quymasini 17 ming AQSh dollariga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu qimmatbaho metalni qotishma shaklida yasab bergan, 2001 y.t. shaxsning yashash xonadoni koʻzdan kechirilganda oltinni eritishga moʻljallangan uskunalar, prekursorlar hamda kislorod va suyultirilgan gaz ballonlari borligi maʼlum boʻldi.
Ekspertiza xulosasiga koʻra, ushbu oltin quymasining bahosi 209 mln 757 ming soʻmni tashkil etadi.
Hozirda qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
DXX Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan Toshkent xalqaro aeroportida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa xorijdan uchib kelgan, 1980 y.t. chet el fuqarosi xolislar ishtirokida shaxsiy tintuvdan oʻtkazildi.
Natijada, u umumiy qiymati 290 mln 516 ming soʻmni tashkil qiluvchi, sof ogʻirligi 226 gr boʻlgan tilla buyumlarni oyoqlari ostiga yashirgan holda, bojxona nazoratidan olib oʻtganligi aniqlanib, ushbu zargarlik mahsulotlari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Holat yuzasidan xorijiy davlat fuqarosiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bu kabi qonunbuzilishi Andijon viloyatida ham qayd etildi. Jumladan, Andijon shahrida yashovchi, 1997 y.t. fuqaro Qirgʻiz Respublikasidan “Doʻstlik” xalqaro nazorat oʻtkazish punkti orqali kirib kelgan vaqtida toʻxtatilib tekshirilganda, uning yonida bojxona deklaratsiyasida koʻrsatilmagan, taxminiy bahosi 400 mln soʻmlik 241 gr tilla buyumlar borligi maʼlum boʻldi.
Aniqlanishicha, ushbu zargarlik mahsulotlari sotish maqsadida Turkiya davlatidan Qirgʻiz Respublikasi orqali olib kelinayotgan boʻlgan.
Hozirda olingan ashyoviy dalillarga nisbatan ekspertiza tayinlanib, holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
