Transgender ayollar Olimpiya oʻyinlaridan butunlay chetlashtiriladi
Qaror qabul qilinishidan avval XOQ koʻplab ekspertlar bilan maslahatlashgan.

Xalqaro olimpiya qoʻmitasining yangi qaroriga koʻra, transgender ayollar endilikda Olimpiya oʻyinlaridan butunlay chetlashtiriladi.
XOQ tomonidan qabul qilingan yangi tartib AQSh prezidenti Donald Trampning 2028 yilgi Los-Anjeles oʻyinlari oldidan ayollar sporti boʻyicha chiqargan farmoniga mos keladi.
“Olimpiya oʻyinlari yoki XOQning boshqa tadbirlaridagi istalgan ayollar toifasidagi musobaqalarda, jumladan, yakka tartibdagi va jamoaviy sport turlarida ishtirok etish endilikda faqat biologik ayollar bilan cheklanadi”, deyilgan qoʻmita bayonotida.
Ishtirok etish huquqi bir martalik “CRY geni skriningi” asosida belgilanadi. Ushbu test hozirda yengil atletikada qoʻllanilayotgan boʻlib, u soʻlak, yanoq epiteliysi yoki qon namunasi orqali amalga oshiriladi.
Qaror qabul qilinishidan avval XOQ koʻplab ekspertlar bilan maslahatlashgan. Oʻtgan 2025 yil oxirida XOQning tibbiyot va fan boʻyicha direktori, kanadalik sobiq eshkakchi Jeyn Tornton transgender sportchilar va jinsiy rivojlanishida farqlar boʻlgan atletlar boʻyicha tadqiqot natijalarini taqdim etgan edi.
Hali ommaga eʼlon qilinmagan ushbu tahlillarga koʻra, erkaklik jinsiy belgilari bilan tugʻilgan sportchilar, hatto testosteron miqdorini tushirish uchun davolangan boʻlsa ham, jismoniy ustunlikni saqlab qolishi aniqlangan.
Shu vaqtga qadar XOQ koʻrsatmalari transgender ayollarga testosteron darajasi pasaytirilgan holda musobaqalarda qatnashishga ruxsat bergan, biroq yakuniy qarorni alohida sport federatsiyalarining ixtiyorida qoldirgan edi. Ayni paytda yengil atletika, suzish, boks va regbi kabi sport turlarida transgenderlarning ayollar toifasida qatnashishi cheklangan.
