platina.uz
Iqtisod

Shavkat Mirziyoyev islomiy moliyalash boʻyicha taqdimot bilan tanishdi

Joriy yilda kamida bitta tijorat bankida islomiy “darcha” faoliyatini yoʻlga qoʻyish, 2026-2030 yillarda esa toʻliq islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi ikkita bank tashkil etish rejalashtirilgan.

Shavkat Mirziyoyev islomiy moliyalash boʻyicha taqdimot bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 mart kuni Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish, Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi faoliyatini yoʻlga qoʻyish hamda bank tizimida islomiy moliya mexanizmlarini joriy qilish boʻyicha taqdimot bilan tanishdi.

Tovarni nasiyaga sotish orqali mijozni moliyalashtirish – murobaha, foydani taqsimlash sharti asosida mijozni moliyalashtirish yoki pul mablagʻlarini jalb etish – muzoraba, vakillik shartnomasi orqali pul mablagʻlarini berish yoki jalb etish – vakala, tovarlar uchun oldindan haq toʻlash orqali moliyalashtirish – salam va istisno, birgalikdagi faoliyat orqali mijozni moliyalashtirish – mushoraka, mol-mulkni islomiy ijaraga berish kabi operatsiyalar, shuningdek, qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa islomiy moliya instrumentlarini joriy qilish nazarda tutilmoqda.

Bunda sotilgan tovar ustamasiga qoʻshilgan qiymat soligʻi hisoblanmasligi, investitsiyaviy omonatdan olingan daromad soliqdan ozod qilinishi, islomiy ijara shartnomalari moliyaviy ijara va lizingga tenglashtirilishi belgilanmoqda.

Sohada tizimli boshqaruvni taʼminlash maqsadida Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etiladi. Shuningdek, islomiy moliya xizmatlarini koʻrsatuvchi banklarda ham alohida kengashlar tuziladi. Ushbu kengashlar standartlar ishlab chiqish, meʼyoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda koʻmaklashish, bahsli masalalarga izoh berish, shartnomalar va ichki hujjatlarni koʻrib chiqish, muvofiqlik ustidan nazoratni taʼminlash bilan shugʻullanadi.

Joriy yilda kamida bitta tijorat bankida islomiy “darcha” faoliyatini yoʻlga qoʻyish, 2026-2030 yillarda esa toʻliq islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi ikkita bank tashkil etish rejalashtirilgan. Umuman, sohadagi yangiliklar orqali 2026-2030 yillarda qoʻshimcha 1 milliard dollar miqdorida investitsiya va depozitlarni jalb qilish imkoniyati yaratilishi qayd etildi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid