OAV: Eron AQShga sulh boʻyicha talablarni yoʻlladi
Ular orasida Fors koʻrfazidagi barcha AQSh harbiy bazalarini yopish, tovon puli toʻlash va Hormuz boʻgʻozida tartib oʻrnatish kabilar bor.

Eron rasmiylari AQShga sulh muzokaralarini qayta boshlash talablarini taqdim etishdi. Bu haqda The Wall Street Journal nashri manbalarga asoslanib xabar berdi. Manbalar Tehronning talablarini "juda yuqori" deb taʼriflagan.
Eron Qoʻshma Shtatlardan Fors koʻrfazidagi barcha harbiy bazalarni yopishni, tovon puli toʻlashni va Hormuz boʻgʻozida tartib oʻrnatishni talab qilmoqda, bu esa Eronga Misr Suvaysh kanali bilan qilganidek, u orqali oʻtish uchun toʻlovlarni undirishga imkon beradi.
Eronning boshqa talablari quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
- harbiy harakatlarni qayta boshlamaslik kafolatlarini berish;
- Livan shialarining "Hizbulloh" guruhiga qarshi Isroil hujumlarini toʻxtatish;
- Eronga qarshi barcha sanksiyalarni bekor qilish;
- Eronga kelajakda yadroviy dasturini cheklashga urinmasdan uni saqlab qolishga ruxsat berish.
NYT va Axios gazetalari Qoʻshma Shtatlar Eronga urushni tugatish uchun 15 banddan iborat reja yuborganini xabar qilishdi. NYT manbalari Vashingtonning rejasi Eronning ballistik raketa dasturi, mamlakatning yadroviy dasturi va dengiz muammolarini keng qamrab olishini aytishdi.
Axios manbasining soʻzlariga koʻra, taklif Amerika tomoni Jeneva muzokaralari davomida ilgari surgan baʼzi talablarni oʻz ichiga oladi.
