Elektron tijorat boʻyicha 45 ta kamchilik aniqlandi
Ular orasida nuqsonli tovarni almashtirish yoki pulini qaytarib bermaslik, yetkazib berish muddatlari buzilishi hamda shartnomalarning davlat tilida taqdim etilmasligi kabilar bor.

Raqobat qoʻmitasi tomonidan elektron tijoratning ommaviy oferta shartnomalarida 45 ta holatda aniqlangan kamchiliklar qonun talablariga muvofiqlashtirildi.
Raqobat qoʻmitasi elektron tijorat bozori ishtirokchilari tomonidan aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar talab darajasida emasligi yuzasidan tushgan murojaatlar asosida oʻrganishlarni oʻtkazdi.
Xususan, elektron tijorat va masofadan turib (onlayn) mahsulot sotuvchi veb-saytlar hamda ommaviy oferta shartlari tahlil qilinganda quyidagi holatlar aniqlandi.
-26 ta holatda - Uzum Tezkor oferta shartnomasi (15 ta band, 117 ta kichik bandlardan iborat);
-18 ta holatda - “BeeMarket” (“Unitel” MChJ) oferta shartnomasi (18 ta band, 73 ta kichik bandlardan iborat);
-“Orzon.uz” va “BROSTORE” oferta shartnomasi mavjud emas;
-“Seide International” XK MChJ ommaviy ofertalari davlat tilida berilmagan.
Oʻrganishlarda elektron savdolarda nuqsonli tovarni almashtirish yoki pulini qaytarib bermaslik, isteʼmolchiga toʻliq, ishonchli maʼlumotlar taqdim etmaslik va yetkazib berish muddatlarini buzilishi hamda shartnomalarning davlat tilida taqdim etilmasligi kabi qonunbuzilish holatlari mavjudligi aniqlandi.
Qoʻmita tomonidan mazkur elektron savdo doʻkonlariga kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan koʻrsatmalar berilgan hamda soʻrov xatlari yuborilgan.
Bugungi kunda ommaviy ofertalar qonunchilik talablariga moslashtirilishi taʼminlandi, deyiladi xabarda.
