Bir xil mahsulot, ikki xil narx: Surxondaryoda issiqxona yuritish Toshkentdan 2,5 baravar arzon tushadi
Toshkentda yanvar oyida oʻrtacha harorat +6°C, Termizda esa +10,8°C ni tashkil qiladi. Bu farq kichikdek koʻrinsa-da, isitish xarajatlarida geometrik oʻsishga olib keladi.

Oʻzbekiston hududlari kesimida issiqxona samaradorligiga taʼsir qiluvchi asosiy omillar — bu quyosh nurlanishi (insolyatsiya), tashqi harorat va isitishga ketadigan energiya sarfidir. Ilmiy tadqiqotlarga koʻra, aynan shu uchta faktor mahsulot tannarxining katta qismini belgilab beradi.
Qish oylarida tashqi harorat qanchalik past boʻlsa, issiqxonani optimal (18–22°C) haroratda ushlab turish uchun shunchalik koʻp energiya talab qilinadi. Masalan, Toshkentda yanvar oyida oʻrtacha harorat +6°C, Termizda esa +10,8°C ni tashkil qiladi. Bu farq kichikdek koʻrinsa-da, isitish xarajatlarida geometrik oʻsishga olib keladi. Chunki har bir 1°C pasayish qoʻshimcha yoqilgʻi va energiya talab qiladi.
Shu sababli Toshkent viloyatida 1 tonna mahsulot tannarxi 11,9 mln soʻmga, Surxondaryoda esa 4,9 mln soʻmga aylanadi. Yaʼni qariyb 2,5 baravar farq kuzatiladi.
Surxondaryo, ayniqsa Termiz va Sherobod hududlari, yillik insolyatsiya darajasi boʻyicha respublikada yetakchi hisoblanadi. Ilmiy jihatdan bu — kun davomida fotosintez jarayoni faolroq kechishini, qoʻshimcha sunʼiy yoritish ehtiyoji kamayishini, oʻsimliklar oʻsishi tezlashishi va hosildorlik oshishini anglatadi. Natijada, energiya tejaladi va mahsulot tannarxi pasayadi.
Qolaversa, Surxondaryoda qishning nisbatan yumshoq oʻtishi issiqxonalarda isitish tizimlariga boʻlgan yuklamani kamaytiradi, avariyaviy holatlar xavfini pasaytiradi, yil davomida uzluksiz ishlab chiqarish imkonini oshiradi. Bu esa issiqxona egalari uchun moliyaviy barqarorlikni taʼminlaydi.
Sherobod tumanida rejalashtirilayotgan 940 gektarli agropark aynan yuqori insolyatsiya va qulay iqlimga ega hududda joylashgani bilan ahamiyatli. Bu loyiha issiqxona mahsulotlari tannarxini sezilarli darajada tushiradi, ichki bozorda narx barqarorligini taʼminlaydi va eksport salohiyatini oshiradi.
Agroklimatik resurslardan oqilona foydalanish — qishloq xoʻjaligida samaradorlikni oshirishning eng muhim yoʻllaridan biri. Surxondaryo misoli shuni koʻrsatadiki, toʻgʻri hudud tanlovi orqali xarajatlarni keskin kamaytirish, hosildorlikni oshirish va bozorda raqobatbardosh mahsulot yetishtirish mumkin.
