Akademik litsey oʻquvchilariga qoʻshimcha yengilliklar beriladi
Yakuniy attestatsiya sinovlarida xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlari boʻyicha milliy va xalqaro tan olingan sertifikatga ega boʻlgan oʻquvchilar mazkur fanlardan davlat imtihonlarini topshirmaydi.

Akademik litsey oʻquvchilariga qoʻshimcha yengillik va kafolatlar beriladi.
Adliya vazirligi Oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlarida yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimcha va oʻzgartirishlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazdi (roʻyxat raqami 2011-5, 19.03.2026 y).
Unga koʻra, yakuniy attestatsiya sinovlarida xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlari boʻyicha milliy va xalqaro tan olingan sertifikatga ega boʻlgan oʻquvchilar mazkur fanlardan davlat imtihonlarini topshirmaydi va ularga maksimal ball beriladi.
Yakuniy attestatsiya sinovlarini 3 yil mobaynida ham topshirmagan oʻquvchilarga davlat namunasidagi shahodatnoma olish uchun eksternat tartibida yakuniy attestatsiyani topshirish huquqi beriladi.
Yakuniy attestatsiya sinovlarida shikoyatlarni koʻrib chiqish uchun apellyatsiya komissiyasi tuziladi hamda oʻquvchilar davlat imtihoni baholari eʼlon qilingan kundan boshlab 3 ish kuni ichida apellyatsiya shikoyati berishi mumkin boʻladi.
Shuningdek, apellyatsiya shikoyatini koʻrishda oʻquvchilarning davlat imtihoni natijasida olgan ballarini pasaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
