Yer resurslarining yomonlashuvi har yili $830 mln zarar keltiradi
Orol dengizining qurishi natijasida 3 million gektar maydon yaroqsiz holga kelgan va hududning 56 foizi shamol eroziyasi taʼsiri ostida qolgan.

Prezidentga taqdim etilgan taqdimotda choʻllanishga qarshi kurash strategiyasi loyihasi ham alohida koʻrib chiqilgan.
Unga koʻra, Oʻzbekiston hududining 70 foizi arid zonadan iborat boʻlib, yerlarning 70 foizdan ortigʻi degradatsiyaga uchragan. Yer resurslarining yomonlashuvi iqtisodiyotga har yili 830 million dollar zarar keltirmoqda. Orol dengizining qurishi natijasida 3 million gektar maydon yaroqsiz holga kelgan va hududning 56 foizi shamol eroziyasi taʼsiri ostida qolgan.
Shu munosabat bilan “Green University” huzurida mintaqaviy qoʻshma ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish taklif qilingan. Ushbu markaz choʻllanishni boshqarish boʻyicha Markaziy Osiyodagi birinchi ilmiy xabga aylanishi koʻzda tutilmoqda.
Markaz tarkibida 15 ta ixtisoslashgan laboratoriya faoliyat yuritadi, sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlari, GIS va masofadan zondlash texnologiyalari asosida yerlar holatini raqamli monitoring qilish yoʻlga qoʻyiladi, qurgʻoqchilikka chidamli oʻsimliklar boʻyicha genetik bank shakllantiriladi, tuproqning kimyoviy va fizik tahlil tizimi takomillashtiriladi.
Natijada choʻllanishni prognoz qilish va xaritalash milliy tizimi yaratiladi, Orolboʻyi va qurgʻoq hududlarda yashil qoplama kengaytiriladi, yaylovlardan barqaror foydalanish hamda choʻl iqtisodiyoti modellari joriy etiladi.
