platina.uz
Siyosat

Qurilishda ekologik talablar kuchaytiriladi

“Shamol yoʻlaklari”ni saqlash, ekologik ekspertiza xulosasini qurilish jarayonlarida majburiy hisobga olish boʻyicha master-rejalar ham ishlab chiqiladi.

Qurilishda ekologik talablar kuchaytiriladi

Qurilish sohasida ham ekologik talablar kuchaytiriladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev “Toza havo” loyihasi taqdimoti bilan tanishdi.

Unga koʻra, yangi quriladigan yirik obʼektlarni loyihalashtirishda koʻkalamzorlashtirish darajasini oshirish, qurilish materiallarini yopiq sharoitda saqlash, chiqindilarni maxsus quvur va konteynerlar orqali tushirish, maydonlarni himoya toʻsiqlari bilan oʻrash, onlayn kuzatuv kameralarini oʻrnatish kabi talablar belgilanadi.

Shuningdek, “shamol yoʻlaklari”ni saqlash, ekologik ekspertiza xulosasini qurilish jarayonlarida majburiy hisobga olish, shaharning ekologik va suv resurslarini boshqarish boʻyicha master-reja ishlab chiqish taklif etildi.

Taqdimotga koʻra, 2030 yilga qadar atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar hajmini qisqartirish, sanoat obʼektlarida tashlamalarni ushlab qolish ulushini oshirish, transportdan chiqadigan zararli moddalarni kamaytirish hamda PM2,5 boʻyicha meʼyordan oshish kuzatiladigan kunlar sonini pasaytirish asosiy maqsadlar etib belgilangan.

Amalga oshirilgan tezkor choralar natijasida Toshkent shahrida havo sifati muayyan darajada yaxshilangan. Jumladan, 2026 yil yanvar-fevral oylarida PM2,5 konsentratsiyasi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan sezilarli pasaygan. Endi bu yoʻnalishda hududiy dasturlar bosqichma-bosqich qabul qilinib, har bir viloyatda tahlil va diagnostika, yagona havo monitoringi hamda ifloslanish manbalarini inventarizatsiya qilish ishlari tashkil etiladi.

“Toza havo” loyihasida energetika va sanoat tarmoqlariga alohida eʼtibor qaratilgan. Mahsulotining maʼlum qismini muqobil energiya hisobiga ishlab chiqaradigan korxonalarga soliq imtiyozlari va moliyaviy ragʻbatlar berish, avtomatik monitoring stansiyalari, filtrlar, chang-gaz tozalash hamda energiya samarador uskunalarni keng joriy etish koʻzda tutilgan.

Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi sanoat korxonalarida majburiy avtomatik monitoring postlari oʻrnatilib, ularning maʼlumotlari yagona geoaxborot tizimiga integratsiya qilinadi. Bunday talablarga amal qilmagan subʼektlar uchun kompensatsiya toʻlovlari keskin oshiriladi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid