platina.uz
Siyosat

Oʻzbekiston boʻylab Milliy dendrologiya bogʻlari quriladi

Toshkentda bunday bogʻ 108 gektar yerda barpo etilib, unga 50 ming tup daraxt koʻchati va 100 ming tup buta oʻsimliklari ekilishi rejalashtirilgan. 

Oʻzbekiston boʻylab Milliy dendrologiya bogʻlari quriladi

Toshkentda Milliy dendrologiya bogʻini barpo etiladi. Bu haqdagi konsepsiya Prezidentga taqdimot qilindi.

Ushbu yirik yashil hududning umumiy maydoni 108 gektarni tashkil etishi belgilangan. Loyiha doirasida 50 ming tup daraxt koʻchati va 100 ming tup buta oʻsimliklari ekilishi nazarda tutilgan. Park biologik xilma-xillikni saqlash, havo sifatini yaxshilash, uglerod yutilishini oshirish, ilmiy tadqiqot va seleksiya ishlarini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, shahar mikroiqlimini sogʻlomlashtirishga xizmat qiladi. Bogʻ havo haroratini 2-4 darajaga pasaytirib, namlikni 10-15 foizga oshirishi mumkin.

2028 yilga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida maydoni 100 gektardan kam boʻlmagan botanika va dendrologiya bogʻlarini tashkil etish reja qilingan. Natijada 2030 yilgacha mamlakatda umumiy yashillik darajasini 14,2 foizdan 30 foizgacha oshirish, PM2,5 va PM10 konsentratsiyasini 20-25 foizga kamaytirish, iqlimi ogʻir hududlarda havo haroratini oʻrtacha 1,5-2 darajaga pasaytirish maqsad qilingan.

Milliy dendrologiya bogʻi faqat koʻkalamzor hudud emas, balki ilmiy, maʼrifiy va jamoat makoni sifatida ham shakllantiriladi. Unda “Dunyo daraxtlari” hududi, 6 ta iqlim mintaqasiga xos oʻsimliklar kolleksiyasi, mevali va mahalliy daraxtzorlar, dorivor oʻsimliklar bogʻi, oranjereya, gulzorlar, dam olish maydonlari, piyodalar va velosiped yoʻlaklari, avtoturargoh, tashrif buyuruvchilarni kutib olish maydoni barpo etiladi.

Bogʻning markaziy qismida 1 gektarlik sunʼiy koʻl va uning atrofida sakura bogʻi tashkil qilish rejalashtirilgan. Park infratuzilmasida quyosh panellari, qayta ishlangan materiallardan tayyorlangan skameyka va besedkalar, avtomatlashtirilgan tomchilatib sugʻorish tizimi kabi zamonaviy ekologik texnologiyalardan foydalanish koʻzda tutilgan. Bu yer Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishi universiteti (“Green University”) uchun tabiiy laboratoriya, aholi uchun esa bioturizm va ekotaʼlim markaziga aylanadi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid