Denovda taʼlim mansabdorlaridan iborat jinoiy guruh fosh boʻldi
Ular bir necha yillar davomida maktab va bogʻchalar orqali qoʻshimcha oylik maosh, ustama va ragʻbatlantirishlarni qoʻshib yozib, rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilishgan.

Joriy yilning 20 fevral kuni jinoyat ishlari boʻyicha Denov tumani sudida taʼlim tizimi mansabdorlari ishtirokidagi ish koʻrib chiqildi. Unda bayon etilishicha, koʻrilgan ish sabab davlatga yuz million soʻmlab zarar yetkazilgan. Sud ishi nusxasi Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Maʼlum boʻlishicha, sudlanuvchi A.I. 2023-2024 yillarda maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi rahbari vazifasida ishlab, 244 xodimga 396 mln soʻmdan oshiq asossiz ravishda ish haqi toʻlanishiga yoʻl qoʻyib bergan.
Shuningdek, sudlanuvchi X.U. Denov tumani maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi rahbari vazifasida ishlab kelib, 450 xodimga 456 holatda 206 mln soʻmlik ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar yozib, davlat manfaatlariga zarar keltirgan.
Yana bir sudlanuvchi B.O. esa boʻlim hisobchisi lavozimida ishlagan. U faoliyati davomida 342 xodimga 149,5 mln soʻm ish haqi toʻlab, ularni rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilgan.
Sudlanuvchi N.U. boʻlim bosh hisobchisi boʻlib ishlab, 71 holatda 52,6 mln soʻm ish haqi ortiqcha toʻlanishiga sabab boʻlgan.
Ish materiallariga koʻra, bu holatlar turli maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlarida ish haqi bilan bogʻliq hisob-kitoblar, ustamalar, moddiy ragʻbatlantirishlar va ayrim toifadagi xodimlarga berilgan qoʻshimcha toʻlovlar orqali yuzaga kelgan. Sud ushbu qonunbuzarliklarni buxgalteriya hisobi va elektron tizimlardan foydalanishdagi kamchiliklar, shuningdek, ichki nazoratning sustligi bilan bogʻlagan.
Sud ayrim rahbarlarning byudjet mablagʻlarini bevosita oʻzlashtirish maqsadida til biriktirgani toʻliq isbotlanmaganini taʼkidlagan. Biroq ular oʻz xizmat vazifalariga loqayd va vijdonsiz munosabatda boʻlgani, moliyaviy jarayonlar ustidan yetarli nazorat oʻrnatmagani sabab qonunbuzarliklarga sharoit yaratgan deb topilgan.
Yakuniy hukmga koʻra, ish doirasida U. X.ga ish haqining 20 foizini davlat foydasiga ushlab qolgan holda 1,5 yil ahloq tuzatish ishlari jazosi belgilangan.
A. I.ga javobgarlikka tortish muddati oʻtib ketgani tufayli jazo tayinlanmagan.
O. B.ga , U. N. va T. J.larga esa oyligining 20 foizi ushlab qolingan holda 1,5 yildan ahloq tuzatish jazosi tayinlangan. Sud ularga nisbatan jinoyat tarkibi, isbotlangan epizodlar va har birining ishdagi rolidan kelib chiqib turlicha huquqiy baho bergan. Hukmda mablagʻlar masalasi ham alohida bayon qilingan. Xususan, 464 mln 333 ming 787 soʻm Surxondaryo viloyati prokuraturasi depozit hisobidan, 122 mln 146 ming 141 soʻm esa Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti depozitidan tegishli tartibda davlat foydasiga oʻtkazilishi belgilangan. Bundan tashqari, 563 mln 333 ming 500 soʻmlik zarar qoplab berilgani qayd etilgan.
